SABA surasi



34.11 . (Va unga dedik): "Sovutlar yasagin va (ularni) yasashda me'yorni bilgin! (Ey, Dovud oilasi), yaxshi amal qilinglar! Zero, Men qilayotgan amallaringizni ko'rib turuvchidirman".

34.12 . Sulaymonga ertalab bir oylik, kechki payt bir oylik (masofani bosib o'tadigan) shamolni (bo'yin sundirdik) va uning uchun mis bulog'ini oqizib qo'ydik. Yana jinlardan ham Parvardigorining izni bilan uning qo'l ostida ishlaydigan (jin)larni (bo'ysundirib qo'ygandirmiz). Ulardan kim Bizning amrimizdan chetlasa, Biz unga o't azobidan tottirib qo'yurmiz.

34.13 . Ular (Sulaymonga misdan u) xohlagan narsalarni - mehroblar (ibodatxonalar), timsollar (haykallar, suratlar), hovuzlar kabi (katta) laganlar va (o'choqlarga) o'rnashuvchi qozonlarni yasab berurlar. "(Ey), Dovud oilasi, (bu ne'matlarning) shukronasi uchun amal (ibodat) qilinglar! Bandalarim orasida shukr qiluvchisi ozdir".

34.14 . Bas, qachonki, Biz (Sulaymonga) o'limni hukm qilganimizda, uning o'limiga faqat asosini yeyayotgan kemiruvchi qurtgina dalolat qildi. Bas, qachonki, u qulab tushgach, jinlarga aniq bo'ldiki, agar ular g'aybni biluvchi bo'lganlarida bu xor qiluvchi azobda (mehnatda) qolmagan bo'lur edilar.

34.15 . Saba' (qabilasi) uchun o'z maskanlarida (Allohning fazliga doir) bir alomat bor edi- o'ng tomon ham, so'l tomon ham bog'-rog' bo'lib, (Biz ularga): "Parvardigoringiz rizqidan bahramand bo'linglar va Unga shukr qilinglar! (Shahringiz) pokiza shahar, (Parvardigoringiz) mag'firatli Parvardigordir" (degan edik).

34.16 . Bas, ular (shukrdan) yuz o'girgach, Biz ularning ustiga to'g'on bilan (to'sib qo'yilgan) selni (ochib) yubordik va ularning bog'larini achchiq mevali, yulg'unzor va siyrak butazor "bog'lar"ga almashtirib qo'ydik.

34.17 . Kofir bo'lganlari sababli ularni mana shu (jazo bilan) jazoladik. Biz kofirdan o'zga kimsaga jazo berarmidik?!

34.18 . Biz ular bilan O’zimiz muborak qilgan shaharlarning orasida ko'rinib turadigan qishloqlarni barpo qilib, ular orasida yurish (masofasi)ni ham o'lchab, (ularga): "Bu (qishloqlarda) kechalari ham, kunduzlari ham tinchgina yuraveringlar!" (degan edik).

34.19 . Ular esa (bu ne'matlarga noshukrlik qilib): "Parvardigoro, safarlarimiz orasidagi (masofani) yiroq qilgin", - deyishib, o'zlariga zulm qildilar, bas, Biz ularni (odamlar og'zidagi) cho'pchakka aylantirib qo'ydik va bo'lib-bo'lib tashladik. Albatta, bunda har bir sabrli va shukr qiluvchi uchun alomatlar bordir.

34.20 . Darhaqiqat, iblis ularning ustidagi ("Men ularni yo'ldan ozdira olurman", - degan) gumonini ro'yobga chiqardi, bas, (Saba' qabilasi iblisga) ergashdilar, faqat bir guruh mo’minlargina (qoldilar).



back 1 2 3 4 5 next