RA`D surasi



13.30 . (Ey, Muhammad,) shunday qilib, Sizni (ko'pdan-ko'p) ummatlardan keyin kelgan bir ummatga - ular Mehribon (Alloh)ni inkor qilib turgan hollarida - (Biz) Sizga vahiy qilgan narsalarni tilovat qilib berishingiz uchun payg'ambar qilib yubordik. Ayting: "U mening Rabbimdir. Undan o'zga iloh yo'qdir. Ungagina tavakkul qildim va tavbam Ungaginadir".

13.31 . Bordiyu bir Qur'on bo'lib, uning (kuchi) bilan tog'lar (joyidan) jildirilsa yo uning (kuchi) bilan Yer yorilsa yoki uning (kuchi) bilan o'liklar tilga kiritilganda ham (kofirlar imon keltirmaydilar). Aksincha, barcha ish Alloh (izmi)dadir. Imon keltirganlar Allohning, agar xohlasa, barcha odamlarni albatta hidoyat qilishini bilmadilarmi? To Allohning va'dasi kelgunicha (ya'ni, Makka fath qilinguncha), kufrdagi kimsalarga o'zlarining qilmishlari sababli turli balolar yetar yoki ularning diyorlariga yaqin joylarga (ofat) tushar (va ularni notinch qilur). Albatta, Alloh va'daga xilof qilmas.

13.32 .(Ey, Muhammad,) Sizdan oldingi payg'ambarlar ham masxara qilinganida, (Men) o'sha kufr yo'lida bo'lgan kimsalarga (bir oz) muhlat berib, so'ngra ularni (O'zimning azobim bilan) ushlaganman. Bas, (ularga bergan) jazolarim qanday bo'ldi?!

13.33 . Har bir jonning qilgan amali ustidan (kuzatib) turuvchi Zot (his-tuyg'usiz but-sanamlarga o'xshaydimi?!) Ular (turli narsalarni) Allohga sherik qilib oldilar. (Ularga) ayting: "U butlaringizning nomlarini (va qila oladigan ishlarini) aytinglar-chi? Balki, (Allohga) Yer yuzidagi bilmaydigan biror narsadan xabar berarsizlar?! Yoki faqat yuzaki gap bilan (so'zlariga ishonib, sig'inib, yuraverasizlarmi?)" Yo'q! Kufrda bo'lgan kimsalarga o'zlarining makrlari chiroyli ko'rsatildi va ular (haqiqiy) Yo'ldan to'sildilar. Kimni Alloh yo'ldan ozdirsa, uning uchun biror hidoyat qiluvchi bo'lmas.

13.34 . Ular uchun dunyo hayotida azob bo'lur. Oxirat azobi esa og'irroqdir. Ularni Alloh (azobi)dan saqlovchi (kuch) yo'qdir.

13.35 . Taqvolilar uchun va'da qilingan jannatning misoli: uning ostidan anhorlar oqur, mevalari va soyalari boqiydir. Bu taqvo qilganlarning oqibatidir. Kofirlarning oqibati esa do'zaxdir.

13.36 . Biz Kitob (Tavrot, Injil) ato etgan kishilar Sizga nozil qilingan narsa (Qur'on) sababli shodlanadilar. (Yahudiy va nasroniylardan iborat) guruhlar orasida (Qur'onning) bir qismini inkor etadiganlar ham bordir. (Ularga) ayting: "Albatta, men yolg'iz Allohga ibodat qilishga va Unga (birovni) sherik qilmaslikka buyurilganman. O'sha zotgagina (ibodat qilishga) da'vat eturman va qaytishim (ham) Uning huzurigadir".

13.37 . Shuningdek, Biz uni (Qur'onni) arabiy hukm sifatida nozil qildik. Qasamki, agar Sizga kelgan (shu) bilimdan so'ng ularning havo (xohish)lariga ergashsangiz, Siz uchun Alloh (tomoni)dan biror do'st ham, himoyachi ham yo'qdir.

13.38 . Darhaqiqat, Sizdan ilgari ham (ko'p) payg'ambarlar yuborganmiz va ularga xotinlar va zurriyotlar berganmiz. Hech bir payg'ambar uchun Allohning iznisiz biror mo''jiza keltirish mumkin emas. Har bir vaqt uchun (munosib) kitob (hukm) bordir.

13.39 . O'zi xohlagan narsani (ya'ni, hukmni) o'chirur va (O'zi xohlagan hukmni) barqaror qilur. Ona Kitob (Lavhul-Mahfuz) Uning huzuridadir.

13.40 . Agar Sizga (ular uchun) va'da qilgan ba'zi narsalarni (ya'ni, azoblarimizni) ko'rsatsak ham yoki Sizni (oldinroq) vafot qildirsak ham, albatta, Sizning zimmangizda (dinni odamlarga to'la) yetkazish, Bizning zimmamizda esa hisob(-kitob) qilish bordir.

13.41 . (Makka mushriklari) Biz yer(lari)ga kelib, uni atrofidan qisqartirayotganimizni (fath qilinib kelayotganini) ko'rmadilarmi?! Alloh hukm qilur - Uning hukmini ta'qib etuvchi bo'lmas. U tez hisob(-kitob) qiluvchidir.

13.42 . Ulardan ilgarigi kimsalar ham (o'zlarining payg'ambarlariga nisbatan) makr qilganlar. Bas, makrning hammasi Allohnikidir. U har bir jonning qilayotgan ishini bilur. Yaqinda kofirlar diyor (oxirat) oqibati kimniki ekanini bilajaklar.

13.43 . Kofir bo'lgan kimsalar (sizga): "Payg'ambar emassan", - deydilar. Ayting: "Men bilan sizlarning oramizda Alloh va Kitob (Qur'on) ilmidan xabardor bo'lgan kishilar guvohlikka kifoya qilur".



back 1 2 3 4