RA`D surasi13.1 . Alif, Lom, Mim, Ro. Ushbu (sura oyatlari) Kitob (Qur'on) oyatlaridir. (Ey, Muhammad!) Sizga nozil qilingan bu narsa (Qur'on) haqiqatdir, lekin odamlarning aksariyati imon keltirmaydilar. 13.2 . Alloh osmonlarni, ko'rib turganingizdek ustunsiz ko'tarib qo'ygan, so'ngra Arsh uzra mustaviy bo'lgan hamda quyosh va oyni (O'z amriga) bo'yin sundirgan zotdir. Har biri muayyan muddatgacha (ya'ni, qiyomat qoyim bo'lgunicha) jarayonda bo'lur. (Alloh barcha) ishning tadbirini qilur va sizlar (qiyomat kunida) Rabbingizga ro'baro' bo'lishga imon keltirishingiz uchun oyatlarni mufassal bayon qilur. 13.3 . U Yerni yoyib qo'ygan va unda tog'lar va daryolar paydo qilgan zotdir. U Yerdagi har mevani ikkitadan - juft-juft (ya'ni, erkakurg'ochi) qilib yaratdi. U kecha bilan kunduzni qoplaydi. Albatta, bu (misollar)da fikr yuritadigan qavm uchun alomatlar bordir. 13.4 . Yerda bir-biriga yonma-yon, bo'lak-bo'lak (unumdor va unumsiz) yerlar, uzumzor bog'lar, ekinzorlar va shoxlagan va shoxlamagan xurmolar bo'lib, (hammasi) bir suv bilan sug'orilur. Biz ularning biridan birining ta'mini totliroq qilib qo'yurmiz. Albatta, bunda anglaydigan qavm uchun alomatlar bordir. 13.5 . Agar ajablansangiz, u holda ularning (kofirlarning): "Tuproq bo'lib ketgach, yana yangitdan yaratilamizmi?" - degan gaplari ajablanarliroqdir. Ana o'shalar Parvardigorlarini inkor etganlardir. (Qiyomat kunida) ana o'shalarning bo'yinlarida zanjirlar bo'lur. Ana o'shalar do'zax ahli bo'lib, o'sha joyda mangu qolurlar. 13.6 . Ular Sizdan yaxshilik (Alloh rahmati)dan avval yomonlik (azobi)ni talab qiladilar. Ulardan oldin ham bunday misollar o'tgandir. Albatta, Rabbingiz odamlarga (ular) zulm qiluvchi bo'lsalar ham mag'firatlidir. Albatta, Rabbingiz azobi qattiq zotdir. 13.7 . Kofir bo'lganlar: "Unga (Muhammadga) Parvardigori tomonidan biror mo''jiza nozil qilinsa edi", - deydilar. Siz esa faqat ogohlantiruvchidirsiz. Har bir qavm uchun hidoyat qiluvchi (payg'ambar) bordir. 13.8 . Faqat Allohgina har bir ayolning homilasini, bachadonlar (muddatidan ilgari) tashlaydigan (bola)ni ham, (to'qqiz oydan) ortiqroq turib qoladigan (bola)ni ham bilur. Uning dargohida har bir narsa o'lchovlidir. 13.9 . (U) maxfiy va oshkora (narsa)ni biluvchi buyuk va yuksak zotdir. 13.10 . Sizlarning orangizdagi o'z gapini yashirgan kishi ham, uni oshkora qilgan kishi ham, kecha qorong'usida yashirinuvchi ham, kunduzi (oshkora) yuruvchi ham (Uning uchun) barobardir.
|