RA`D surasi13.11 . Uning (insonning) oldida ham, ortida ham ta'qib qiluvchi (farishtalar) bo'lib, ular Allohning amri bilan uni muhofaza qilib tururlar. Albatta, Alloh biror qavm o'zlaridagi narsa (yaxshi holat)ni o'zgartirmagunlaricha, ulardagi narsa (holat)ni o'zgartirmas. Alloh biror qavmga yomonlikni ravo ko'rsa, bas, uni qaytarib bo'lmas va ular uchun Undan o'zga hokim yo'qdir. 13.12 . U sizlarga (momoqaldiroq ovozidan) qo'rqqan va (yomg'ir yog'ishidan) umidvor bo'lgan holingizda chaqmoqni ko'rsatadigan va og'ir bulutlarni paydo qiladigan zotdir. 13.13 . Momaqaldiroq (ham) Unga hamd bilan tasbeh aytur. Farishtalar ham Undan qo'rqqanlaridan (tasbeh ayturlar). Chaqmoqlar yuborib, ular bilan O'zi xohlagan kimsalarni - ular Alloh xususida talashib-tortishib turgan hollarida, urar. U qattiq tadbirli zotdir. 13.14 . Haqiqiy duo faqat Unga (qilinur). Undan o'zga - (mushriklar) duo qilayotgan (butlar) ularning birorta duosini mustajob qilmas. Illo, ular kaftlarini suvga cho'zib, u suv og'ziga yetishini kutib turgan bir kimsaga o'xshaydilar. Holbuki, u (suv) uning og'ziga yetuvchi emasdir. Kofirlarning duolari mutlaqo zoyedir. 13.15 . Osmonlar va Yerdagi barcha jonzot va ularning soyalari xoh ixtiyoriy, xoh majburan, ertayu kech sajdani Allohga qiladilar. 13.16 . Ey, Muhammad,) ayting: "Osmonlar va Yerning Parvardigori kim?", "Alloh", - deb javob qiling! "Bas, Uni qo'yib, o'zlariga na foyda va na zarar yetkazishga qodir bo'lmaydigan (but va sanam)larni do'st tutdingizmi?" - deng! Yana ayting: "Ko'r (gumroh) bilan ko'ruvchi (hidoyat topgan kishi) barobar bo'lurmi? Yoki zulmatlar bilan nur barobar bo'lurmi?" Yo ular Allohga Uning yaratishi kabi yarata oladigan butlarni sherik qilishib olganu, ular ham yaratganlar, so'ngra ularga (ikki) yaratish o'xshash bo'lib qoldimi? Ayting: "Alloh barcha narsaning yaratuvchisidir va U tanho va g'olibdir". 13.17 . (Alloh) osmondan suv (yomg'ir) yog'dirganida jilg'alar miqdori bilan oqib, (bu) sel o'z ustida ko'piklarni ham ko'tarib kelur. (Odamlar) zeb-ziynat yoki asbob-uskuna (yasash) uchun yoqadigan (olov)lardan ham shunga o'xshash (chiqindi paydo) bo'lur. Alloh haq bilan botilni (mana shunday misol bilan) bayon qilur. Bas, ko'pik o'z-o'zidan yo'q bo'lib ketur. Odamlarga foydali bo'lgan narsa esa Yerda qolur. Alloh misollarni mana shunday bayon qilur. 13.18 . Parvardigorlari (da'vati)ga ijobat etganlar uchun go'zal mukofot (jannat) bordir. Unga ijobat qilmaganlar esa, mabodo yerdagi bor narsa (yana) ikki barobar (ko'payib) ularniki bo'lsa, uni (Allohning azobidan qutulish uchun) fido qilgan bulur edilar. Ular uchun yomon hisob-kitob bo'lur. Ularning (borar) joylari jahannamdir. Naqadar yomon joy u! 13.19 . (Ey, Muhammad,) axir, Sizga Rabbingiz tomonidan nozil qilingan narsa aniq haqiqat ekanini biladigan kishi (qalb ko'zi) ko'r kimsaga o'xshaydimi? (Bu oyatlardan) faqat aql egalarigina eslatma olurlar. 13.20 . Ular Allohga bergan ahdlariga vafo qiladigan va miysoq (va'da)ni buzmaydiganlardir.
|