ANFOL surasi



8.41 . Agar Allohga va ajrim kuni* - ikki qo'shin to'qnashgan kuni - bandamiz (Muhammad)ga nozil qilgan narsamiz (oyatlar, farishtalar, g'alaba)ga imon keltirgan bo'lsangiz, bilib qo'yingizki, o'lja qilib olgan narsalaringizning yoki tirikchilik qilib topgan mollaringizdan beshdan biri Allohga, Rasulga, qarindoshlariga (ya`ni  sayyidlarga) , yetimlar, miskinlar va musofirlarga (tegishli)dir. Alloh har narsaga qodirdir.

8.42 . Qaysiki, sizlar (Madina)ga yaqinroq tomonda, ular (mushrik)lar uzoqroq tomonda, otliqlar esa sizlardan pastroqda edilar. Agar (mushriklar bilan) va'dalashganingizda ham (baribir) va'da joyi va vaqtida kelisha olmagan bo'lur edingiz. Lekin, Alloh (jang sababli) halok bo'lganlar ham hujjat bilan halok bo'lishlari, tirik qolganlar ham hujjat bilan tirik qolishlari uchun bo'ladigan ishni (taqdir)ni tamomiga yetkazish maqsadida (yov bilan tasodifan to'qnashtirib qo'ydi). Albatta, Alloh eshituvchi va biluvchidir.

8.43 .Tushingizda Alloh ularni Sizga ozchilik qilib ko'rsatganini eslang! Agar ularni Sizga ko'pchilik qilib ko'rsatganda edi, sizlar sustlashib qolgan va bu ish (jang) to'g'risida nizolashgan bo'lur edingiz. Lekin, Alloh sizlarni (bundan) salomat qildi. Albatta, U siynalar (dillar)dagi sirlarni biluvchidir.

8.44 . Bo'ladigan ish (taqdir)ni tamomiga yetkazish uchun (yov bilan) to'qnashganingizda, ko'zingizga ularni ozchilik qilib ko'rsatgani va ularning ko'zlariga sizlarni ozchilik qilib ko'rsatganini eslang! (Barcha) ishlar Allohga qaytarilur.

8.45 . Ey, imon keltirganlar! Biror to'daga to'qnash kelsangiz, sabot (va matonat) bilan turingiz va Allohni ko'p yod etingiz, shoyad (shunda) sizga tole yor bo'lsa!

8.46 . Allohga va Rasuliga itoat qilingiz va nizolashmangiz, aks holda sustlashib ketursiz va bo'yingiz (obro'yingiz) ketib qolur. Sabr qilingiz! Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir.

8.47 . O'z yurtlaridan - kibr va riyokorlik bilan chiqqan va Allohning yo'lidan to'sadiganlar kabi bo'lmangiz! Alloh ularning qilayotgan ishlarini qamrab (hisobga) oluvchidir.

8.48 . O'shanda shayton ularga qilayotgan ishlarini ziynatli qilib ko'rsatib: "Bu kun odamlar ichida sizlarga g'olib keladigani yo'q. Mana, men yoningizdadirman!" - dedi. Ikki to'p (lashkarlar) to'qnashganda esa (shayton) ortiga chekinib: "Men sizlardan bezorman. Men sizlar ko'rmagan narsani ko'rayapman. Men Allohdan qo'rqaman. Alloh jazosi qattiq (zot)dir", - dedi.

8.49 . Munofiqlar va dillarida "illat" bor kimsalar: "Ana u (musulmon)larni (o'z) dinlari mag'rurlantirib qo'yibdi", - deb yurganlarini eslang!* Kimki Allohga tavakkul etsa (U inobatga oladi), albatta, Alloh qudratli va hikmatli (zot)dir.

8.50. Farishtalar kofir bo'lganlarning yuzlari va ketlariga urib jonlarini olayotganlarini ko'rganingizda edi. (Farishtalar o'sha paytda aytadilar:) "Yong'in (do'zax) azobini totingiz!"



back 1 2 3 4 5 6 7 next