ANFOL surasi8.1 . Sizdan (ey, Muhammad,) o'ljalar haqida so'raydilar. Ayting: "O'ljalar Alloh va Payg'ambarnikidir. Bas, Allohdan qo'rqingiz va oralaringizni tuzatingiz! Agar mo'min bo'lsangizlar, Alloh va (Uning) rasuliga itoat etingizlar! 8.2 . Mo'minlar - Alloh (nomi) zikr etilganda - dillari qo'rquvda bo'ladigan, oyatlari ularga tilovat qilinganda - imonlari ziyoda bo'ladigan, Parvardigorlarigagina tavakkul qiladigan, 8.3 . namozni mukammal o'qiydigan va rizq qilib berganimizdan ehson qiladigan kishilardir. 8.4 .Aynan o'shalar haqiqiy mo'minlardir. Ular uchun Parvardigorlari huzurida darajalar va farovon rizq (bordir). 8.5 .(Bu) Rabbingiz uyingizdan Sizni haq (yo'l) bilan chiqargani kabidir. Mo'minlardan bir guruhi esa (bu chiqishni) yoqtirmaydiganlardir. 8.6 . Siz bilan haq to'g'risida (u) ayon bo'lgandan keyin bahslashmoqdalar. (Bu) go'yoki, qarab turgan hollarida, ularni o'lim sari haydalayotgandekdir. 8.7 . Allohning ikki toifadan biri sizlarga bo'ladi, deb va'da qilganini eslang. Vaholanki, shavkatli bo'lmagani sizlarga bo'lishini xohlaysizlar. Alloh (esa) o'z kalima (amr)lari bilan haqni haqqa chiqarish va kofirlarni tor-mor qilishni xohlaydi. 8.8 .Jinoyatchilar (mushriklar) yoqtirmasalar ham (Alloh) haqni haq, nohaqni nohaq (ekanini isbot) etish uchun (shu ishlarni qiladi). 8.9 .Rabbingizga (yordam so'rab) faryod qilganingizda: "Men sizlarga ketma-ket (keluvchi) ming nafar farishta bilan madad beruvchidirman", - deb (duoingizni) ijobat etganini eslang! 8.10 . Alloh (bu yordamni) faqat (sizlarga) xushxabar bo'lishi va dillaringiz taskin topishi uchun qildi. G'alaba faqat Alloh huzuridangina (bo'lur). Alloh, albatta, qudrat va hikmat sohibidir.
|