HADID surasi57.11 . Allohga "qarzi hasana" (Uning yo'lida ehson) qiladigan kishi bormiki, (U) o'sha (kishi)ga bir necha hissa ziyodasi bilan qaytarsa! Uning uchun yana sharafli mukofot ham bordir. 57.12 . Mo'min va mo'minalarning oldilarida va o'ng tomonlarida (amal) nurlari yurganini ko'radigan Kunni (eslang)! (O'sha Kunda ulargadeyilur:) "Sizlar uchun bugungi xushxabar - ostidan anhorlar oqib turadigan, mangu qolinadigan jannatlardir. Bu ulkan yutuqning o'zidir! 57.13 . U Kunda munofiq va munofiqalar imon keltirgan zotlarga: "Bizga qaranglar, biz ham sizlarning nuringizdan ozgina olib foydalanaylik", - desalar, (ularga:) "Ortingizga qaytib nur istanglar", - deyilur. So'ng ular (bilan mo'minlar) o'rtasida darvozali bir devor urilurki, uning ichida rahmat (jannat), tashqarisida esa azob (do'zax) bo'lur. 57.14 . Ular (mo'minlarga) "Biz (dunyoda) sizlar bilan birga emasmidik", - deb nido qilganlarida, (mo'minlar) derlar: "Ha, lekin sizlar o'zlaringizni fitnaga soldinglar va (bizlarga musibat yetishiga) ko'z tutdinglar hamda (dinimiz to'g'risida) shubhalandinglar va to Allohning amri (o'lim) kelgunicha xom xayollar sizlarni aldadi. Sizlarni Alloh haqida aldovchi (shayton) ham aldab qo'ydi". 57.15 . Mana bugun sizlardan ham, (ey, munofiqlar,) kofir bo'lganlardan ham (azobdan qutulishlaringiz uchun) to'lov olinmas. Joylaringiz do'zaxdir! U sizlarning munosib joyingizdir! Naqadar yomon oqibat bu! 57.16 . Imon keltirgan zotlar uchun dillari Allohning zikriga va nozil bo'lgan haq (Qur'on)ga moyil bo'lish (vaqti) kelmadimi?! (Yana ular uchun) ilgari kitob ato etilgan, so'ng (payg'ambarlaridan keyingi) muddat uzaygach, dillari qotib ketgan kimsalar (ya'ni, yahudiy va nasroniylar) kabi bo'lib qolmaslik (vaqti kelmadimi)?! Ulardan ko'plari fosiq (itoatsiz)dirlar! 57.17 . (Ey, mo'minlar,) bilinglarki, albatta, Alloh "o'lgan" yerni tiriltirur. Mana Biz aql yurgizishingiz uchun sizlarga (qudratimizga dalolat qiladigan) oyatlarni batafsil bayon qildik. 57.18 . Albatta, sadaqa qiluvchi erkaklar va sadaqa qiluvchi ayollar hamda Allohga "qarzi hasana" berganlar uchun (sadaqalari) bir necha hissa ziyodasi bilan qaytarilur va ular uchun yana sharafli mukofot bordir. 57.19 . Allohga va Uning payg'ambarlariga imon keltirgan zotlar - aynan o'shalar Parvardigorlari huzurida siddiqlar va shahidlarning o'zidirlar. Ular uchun (oxiratda) mukofotlari va (yo'llarini yorituvchi) nurlari bo'lur. Kofir bo'lgan va oyatlarimizni inkor etgan kimsalar - ular do'zax egalaridir. 57.20 . Bilinglarki, bu dunyo hayoti faqat o'yin, behudalik, ziynat, o'zaro faxrlanish va mol-dunyo hamda farzandlarni ko'paytirishdan iboratdir. (U) bamisoli bir yomg'irki, uning (sababidan unib chiqqan) giyoh kofirlarni taajjubga solur. So'ngra u qurigach, uni sarqaygan holda ko'rursiz. So'ngra u o'tin bo'lib qolur. Oxiratda esa (qay birlaringiz uchun) qattiq azob (qay birlaringiz uchun) Alloh tomonidan mag'firat va rizolik bordir. Dunyo hayoti faqat aldov matosidir.
|