HADID surasi57.21 . (Ey, insonlar,) Rabbingiz tomonidan bo'ladigan mag'firatga hamda Alloh va Uning payg'ambarlariga imon keltirgan zotlar uchun tayyorlab qo'yilgan, kengligi osmon va Yerning kengligi kabi bo'lgan jannatga shoshilingiz! Bu Allohning fazli bo'lib, uni O'zi xohlagan kishilarga ato etur. Alloh Ulug' fazl sohibidir. 57.22 . Xoh yerga va xoh o'zlaringizga biror musibat yetsa, Biz uni paydo qilishimizdan ilgari Kitobda (Lavhul-Mahfuzda bitilgan) bo'lur. Albatta, bu Allohga osondir. 57.23 . Toki, sizlar qo'llaringizdan ketgan narsaga qayqurmagaysizlar va (Alloh) ato etgan narsa bilan shodlanib (havolanib) ketmagay sizlar. Alloh har qanday kibrli va maqtanchoq kimsalarni suymas. 57.24 . Ular baxillik qiladigan va odamlarni ham baxillikka buyuradigan kimsalardir. Kim (baxillik qilib ehson qilishdan) yuz o'girsa, bas, albatta, Allohning O'zi behojat va hamdga loyiq zotdir. 57.25 . Biz O'z payg'ambarlarimizni hujjat (mo''jiza)lar bilan yubordik va ular bilan birga Kitob hamda odamlar adolatni barpo qilishlari uchun mezon (tarozi) tushirdik. Yana, Biz temirni tushirdik. Unda quvvat va odamlar uchun manfaatlar bordir. Alloh O'ziga va ayg'ambarlariga (Alloh yo'lida jihod qilish bilan) qoyibona yordam beradigan kishilarni bilish uchun ham (temirni yaratdi). Albatta, Alloh kuchli va qudratlidir. 57.26 . Biz Nuh va Ibrohimni payg'ambar qilib yubordik hamda payg'ambarlik va Kitobni (Tavrot, Injil, Zabur, va Qur'onni) ham ikkovining zurriyotlariga (ato) qildik. Bas, ularning orasida hidoyat topuvchi (kishilar) ham bor, (ammo) ularning orasida aksariyati fosiq (itoatsiz)dirlar. 57.27 . So'ngra ularning izlaridan ketma-ket payg'ambarlarimizni yubordik va Iso ibn Maryamni ham (ularning) ortidan yubordik va unga Injil ato etdik hamda unga ergashgan zotlarning dillarida mehribonlik va shafqat (paydo) qildik. Rohiblikni esa ular o'zlari chiqarib oldilar. Biz ularga uni (rohiblikni) yozganimiz yo'q, lekin ular o'zlari Allohning rizoligini istab (rohiblik) qildilar-u, so'ng unga to'la rioya qila olmadilar. Bas, ulardan imon keltirgan zotlarga mukofotlarni ato etdik. (Ammo) ularning orasida aksariyati fosiq (itoatsiz)dirlar. 57.28 . Ey, (Isoga) imon keltirgan zotlar, Allohdan qo'rqinglar va Uning payg'ambari (Muhammad)ga ham imon keltiringlar, (shunda) U zot sizlarga O'z rahmatidan ikki barobar ato etur va sizlarga (Qiyomatda yorituvchi) nur (paydo) qilur hamda sizlarni mag'firat qilur. Alloh mag'firatli va rahmlidir. 57.29 . Ahli kitoblar o'zlari Allohning fazlidan biror narsaga (etishga) qodir bo'la olmasliklarini va fazl Allohning "qo'li"da bo'lib, uni faqat O'zi xohlagan kishilarga ato etishini bilishlari uchun (Alloh shunday qildi). Alloh ulug fazl sohibidir.
|