HADID surasi



57.1 . Osmonlar va Yerdagi (bor) narsa Allohga tasbeh aytur. U qudrat va hikmat sohibidir.

57.2 . Osmonlar va Yer hukmronligi Unikidir. U tiriltiradi ham, o'ldiradi ham. U har narsaga qodirdir.

57.3 . U Avval, Oxir, Zohir va Botindir. U barcha narsani biluvchidir.

57.4 . U osmonlar va Yerni olti kunda yaratib, so'ngra Arsh o'zra mustaviy bo'lgan zotdir. U yerga kiradigan narsalarni ham, undan chiqadigan narsalarni ham, osmondan tushadigan narsalarni ham, unga (osmonga) ko'tariladigan (yaxshi amal va duolar kabi) narsalarni ham bilur. Sizlar qayerda bo'lsangizlar, U sizlar bilan birgadir. Alloh qilayotgan amallaringizni ko'rib turuvchidir.

57.5 . Osmonlar va Yer hukmronligi Unikidir. Ishlar faqat Allohga qaytarilur!

57.6 . U kechani kunduzga kiritur va kunduzni kechaga kiritur. U dillardagi sirlarni biluvchidir.

57.7 . (Ey, insonlar,) Allohga va uning payg'ambari (Muhammad)ga imon keltiringlar hamda U sizlarni xalifa qilib qo'ygan narsalardan (boyliklaringizdan) ehson qilinglar! Bas, sizlardan imon keltirgan va ehson qilgan zotlar uchun katta mukofot bordir.

57.8 . Agar sizlar imon keltiruvchi bo'lsangizlar - payg'ambar sizlarni Rabbingizga imon keltirishga da'vat qilar ekan, ahdu paymoningizni olgach, nega sizlar Allohga imon keltirmayapsizlar?!

57.9 . U O'z bandasi (Muhammad)ga sizlarni zulmatlar (kufr)dan nur (imon)ga olib chiqishi uchun aniq oyatlarni nozil qiladigan zotdir. Albatta, Alloh, sizlarga mehribon va rahmlidir.

57.10 . Nega sizlar Alloh yo'lida ehson qilmayapsizlar?! Holbuki, osmonlar va Yer merosi yolg'iz Allohniki-ku! Sizlardan (Makka) fath bo'lishidan ilgari ehson qilgan va (kofirlarga qarshi) urushgan kishilar (fathdan keyin ehson qilgan va urushganlar bilan) barobar bo'lmas. Ular keyin ehson qilgan va urushgan kishilardan Ulug'roq martabadadirlar. Barchalariga Alloh go'zal (mukofot jannat) va'da qilgandir. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.



1 2 3 next