QAMAR surasi54.41 . Fir'avn zodagonlariga ham ogohlantirishlar keldi. 54.42 . Ular Bizning mo''jizalarimizni inkor etganlaridan so'ng, Biz ularni kuchli va qudratli zot ushlashi bilan ushladik. 54.43 . (Ey, Makka ahli,) sizlarning kofirlaringiz ana ulardan yaxshiroqmi yoki sizlar uchun (samoviy) kitoblarda oqlov (vasiqasi) bormi?! 54.44 . Balki, ular: "Biz yenguvchi jamoatdirmiz", - deyishar?! 54.45 . Yaqinda o'sha jamoat yengilib, ortlariga qarab qochib qolurlar. 54.46 . (Bugina emas,) balki ularga va'da qilingan vaqt Qiyomatdir. Qiyomat esa yanada halokatli va achchiqdir. 54.47 . Albatta, jinoyatchilar gumrohlik va nodonlikdadirlar. 54.48 . Ular yuz tuban hollarida do'zax sari sudraladigan Kunda (ularga): "Do'zax ta'sirini totib ko'ringlar!" - (deyilur). 54.49 . Albatta, Biz har bir narsani o'lchov bilan yaratdik. 54.50 .Bizning farmonimiz faqat birgina ("Bo'l", - degan so'z)dir. (Muddati) ko'z yumib ochgunchadir. 54.51 . Biz sizlarning o'xshashlaringizni halok qildik. Bas, eslatma oluvchi bormi? 54.52 . Ular qilgan har bir narsa bitiklarda (nomai a'mollarida)dir. 54.53 .Har bir kichik va katta (ish Lavhul-Mahfuzda) bitilgandir. 54.54 . Albatta, taqvodorlar jannatlarda va daryolar uzra 54.55 . qodir Podshoh huzuridagi sadoqat maqomida bo'lurlar.
|