FATH surasi48.1 . (Ey, Muhammad,) Biz Sizga aniq fath (g'alaba) baxsh etdik. 48.2 . (Bu fath) Siz uchun Allohning oldingi va keyingi gunohlaringizni kechishi, Sizga O'z ne'matini mukammal qilib berishi, Sizni To'g'ri yo'lga hidoyat qilishi, 48.3 . shuningdek, Allohning Sizga kuchli yordam berishi uchundir. 48.4 . U (Alloh) O'z imonlariga yana imon qo'shilishi uchun mo'minlarni dillariga taskin tushirgan zotdir. Osmonlar va Yer qo'shinlari (farishtalari) faqat Allohnikidir. Alloh bilimli va hikmatli zotdir. 48.5 . U mo'min va mo'minalarni ostidan anhorlar oqib turadigan, ular mangu qoladigan jannatlarga kiritish uchun va ulardan yomonlik (gunoh)larini o'chirish uchun (shunday qildi). Bu Alloh nazdida ulkan yutuqdir. 48.6 . Shuningdek, Alloh haqida (mo'minlarga madad bermaydi deb) yomon gumon qiluvchi munofiq va munofiqalarni hamda mushrik va mushrikalarni azoblash (uchun shunday qildi). Ular uzra halokat balosi tushuvchidir. Alloh ulardan darg'azab bo'ldi, ularni la'natladi va ular uchun jahannamni tayyorlab qo'ydi. Naqadar yomon joydir u! 48.7 . Osmonlar va Yer qo'shinlari (farishtalari) Allohnikidir. Alloh qudratli va hikmatli zotdir. 48.8 . (Ey, Muhammad,) haqiqatan, Biz Sizni (qiyomat kuni ummatlarga) guvohlik beruvchi, (mo'minlarga) xushxabar eltuvchi va (kofirlarni) ogohlantiruvchi qilib yuborgandirmiz. 48.9 . (Biz, Muhammadni) Allohga va uning Payg'ambariga imon keltirishlaringiz uchun va uni qo'llab-quvatlab, izzat-ikrom qilishlaringiz hamda erta-yu kech Unga (Allohga) tasbeh aytishlaringiz uchun (yubordik). 48.10 . (Ey, Muhammad,) haqiqatan, Sizga bay'at (qasamyod) qiladiganlar, albatta, Allohga bay'at qilgan bo'lurlar. Allohning "qo'li" ularning qo'llaridan balanddir. Bas, kimki (o'z qasamyodini) buzsa, bas, (u) faqat o'z zarariga buzur. Kimki Alloh bilan ahdlashgan narsasiga vafo qilsa, u holda (Alloh) unga ulkan mukofot ato etur.
|