SAJDA surasi32.21 . Albatta, Biz ular (itoatsizlikdan) qaytishlari uchun ularga katta azobdan ilgari yaqin azobni (dunyo azobini) tottirurmiz. 32.22 . Parvardigorining oyatlari bilan nasihat qilinganidan so'ng, ulardan yuz o'girgan kimsadan kim ham zolimroqdir?! Albatta, Biz (unday) jinoyatchilardan intiqom oluvchidirmiz. 32.23 . Biz Musoga Kitob (Tavrot) ato etdik, Bas, (ey, Muhammad,) Siz uning (Tavrotga) ro'baro' bo'lganidan shubhada bo'lmang. Biz (Tavrotni) Isroil avlodi uchun hidoyat (manbai) qildik. 32.24 . Ular sabr qilishgach, Biz ulardan hidoyat qiladigan peshvolarni chiqardik. Ular oyatlarimizga puxta ishonar edilar. 32.25 . (Ey, Muhammad,) albatta, Rabbingizning O'zi qiyomat kunida (odamlar) o'zaro ixtilof qilgan narsalari haqida ajrim qilur. 32.26 . Axir, ularga (mushriklarga) Biz ulardan ilgari qancha avlodlarni halok qilganimiz va o'zlari o'shalarning maskanlarida yurganlari ma'lum emasmi?! Albatta, bunda alomatlar bor! Axir, ular eshitmaydilarmi?! 32.27 . Axir, ular quruq yerga suv haydab, uning vositasida ularning chorvalari ham, o'zlari ham yeydigan ekinlarni chiqarishimizni bilmadilarmi?! Axir, (buni) ko'rmaydilarmi?! 32.28 . Ular (musulmonlarga): "Agar rostgo'y bo'lsangizlar, qachon mana shu fath (g'alaba) ro'y berur?" - derlar. 32.29 . (Ey, Muhammad,) ayting: "Fath kunida kofir bo'lgan kimsalarga imon keltirishlari foyda bermay qolur va ularga (tavba uchun) muhlat ham berilmas". 32.30 . Bas, ulardan yuz o'giring va (ne bo'lishini) kuting! Zero, ular ham kutuvchidirlar.
|