SAJDA surasi



32.1 . Alif, Lom, Mim.                                                                                                                                                     

32.2 . Bu Kitobning (Qur'onning) nozil qilinishi, shubhasiz, (barcha) olamlarning Parvardigori (tomoni)dandir.

32.3 . Balki: "Uni (Muhammadning o'zi) to'qib olgan", - derlar?! Yo'q, U (ya'ni, Qur'on) sizdan ilgari biror ogohlantiruvchi kelmagan qavmni ogohlantirishingiz uchun Rabbingiz (tomoni)dan (nozil qilingan) Haqiqatdir, shoyad, ular hidoyat topsalar.

32.4 . Alloh osmonlar va Yerni hamda ularning o'rtasidagi bor narsani olti kunda yaratib, so'ngra Arsh uzra mustaviy bo'lgan zotdir. Sizlar uchun Undan o'zga biror do'st va oqlovchi yo'qdir. Axir eslatma olmaysizlarmi?!

32.5 . U osmondan yergacha bo'lgan barcha ishni tadbirini ko'rar (boshqarar), so'ngra (bu ishlarning barchasi) sizlarning hisobingizcha ming yilga teng keladigan (bir) Kunda (ya'ni, qiyomatda) Uning O'ziga ko'tarilur.

32.6 . Ana o'sha g'oyib va hozirni biluvchi, qudratli va mehribon,

32.7 . barcha narsani chiroyli qilib yaratgan Zotdir. Insonni yaratishni esa loydan boshladi.

32.8 . So'ngra uning naslini haqir bir suvdan iborat nutfadan paydo qildi.

32.9 . So'ngra uni tiklab, ichiga O'z (mulkidagi) ruhidan kiritdi. Sizlar uchun quloq, ko'z, dillarni paydo qildi. Shukrni esa kam qilursizlar.

32.10 . Ular (kofirlar): "Bizlar yer (osti)da gumdon bo'lib ketgach, haqiqatan ham yana yangitdan yaralurmizmi?" - dedilar. Yo'q, ular Parvardigorlari muloqotini inkor qiluvchidirlar!



1 2 3 next