ANKABUT surasi



29.41 . Allohdan o'zgalarni do'st tutgan kimsalarning misoli xuddi in qurib olgan o'rgimchakka o'xshaydi. Inlarning eng nimjoni esa, albatta, o'rgimchak inidir, agar bilsalar!

29.42 . Albatta, Alloh ularning Uni qo'yib, iltijo qilishayotgan narsalarini bilur! U qudrat va hikmat egasidir!

29.43 . Ushbu masallarni Biz odamlar (ibrat olishlari) uchun ayturmiz. (Lekin) ularni faqat olimlargina anglagaylar.

29.44 . Alloh osmonlar va Yerni haq (hikmat) bilan yaratgandir. Albatta, bunda mo'minlar uchun alomat bordir!

29.45 . (Ey, Muhammad,) Sizga Kitob (Qur'on) dan vahiy qilingan narsani tilovat qiling va namozni mukammal ado eting! Albatta, namoz fahsh va yomonlikdan qaytarur! Albatta, Allohning zikri (barcha narsadan) ulug'dir! Alloh qilayotgan ishlaringizni bilib turur.

29.46 . (Ey, mo'minlar,) sizlar Kitob ahli bilan faqat eng chiroyli uslubda munozara qilinglar, illo ularning orasidagi zulm (tajovuz) qilganlar bundan mustastnodirlar. Shuningdek, aytinglar: "Bizlar o'zimizga nozil qilingan (Qur'on)ga ham, sizlarga nozil qilingan (Tavrot va Injil)ga ham imon keltirganmiz. Bizlarning ilohimiz va sizlarning ilohingiz bir (Iloh)dir va bizlar Ungagina bo'yin sunuvchimiz".

29.47 . (Ey, Muhammad,) shuningdek, Sizga Kitob (Qur'on) nozil qildik. Bas, Biz Kitob (Tavrot va Injil) ato etgan zotlar unga (Qur'onga) imon keltirurlar. Ana ular (Makka ahli orasi)da ham unga imon keltiradigan kishilar bordir. Bizning oyatlarimizni faqat kofirlargina inkor qilurlar.

29.48 . Siz ilgari biror kitobni tilovat qiluvchi emas edingiz va o'z qo'lingiz bilan xat ham yozgan emas edingiz. Aks holda buzg'unchilar, albatta, shubhaga tushgan bo'lur edilar.

29.49 . Yo'q, u (Qur'on) ilm berilgan zotlarning dillaridagi aniq oyatlardir! Bizning oyatlarimizni faqat zolimlargina inkor qilurlar.

29.50 . Ular (kofirlar): "Unga (Muhammadga) ham Parvardigori tomonidan mo''jizalar tushganida edi", - dedilar. Ayting: "Mo''jizalar Allohning huzuridadir. Men esa faqat aniq ogohlantiruvchiman, xolos".



back 1 2 3 4 5 6 7 next