ANKABUT surasi



29.1 . Alif, Lom, Mim.

29.2 . Odamlar: "Imon keltirdik", - deyishlari bilangina, sinalmagan hollarida, qoldiriladilar, deb o'yladilarmi?!

29.3 . Biz ulardan oldingi (imonli) kishilarni sinagan edik-ku! Bas, (shu sinov bilan va usiz ham), albatta, Alloh (imonda) sodiq kishilarni bilur va (shuningdek,) yolg'onchilarni ham aniq bilur!

29.4 . Yoki yovuz ishlarni qiladigan kimsalar Bizdan o'zib ketishni (qutulishni) o'ylaydilarmi?! Naqadar yomon hukm chiqaradilar?!

29.5 . Kimki Allohga ro'baro' bo'lishdan umidvor bo'lsa, bas, Allohning (belgilangan) fursati, albatta, keluvchidir. U eshituvchi va biluvchidir!

29.6 . Kim jihod qilsa, faqat o'zi uchun jihod qilur. Zero, Alloh (barcha) olamlardan behojatdir!

29.7 . Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarning gunohlarini, albatta, o'chirurmiz va ularni qilib o'tgan chiroyli amallari bilan mukofotlarmiz!

29.8 . Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. (Ammo) agar ular sen bilmagan narsalarni (soxta ma'budalarni) Menga sherik qilishingga zo'rlasalar, u holda ularga itoat etmagin! (Barchangiz) Menga qaytursiz, bas, Men (o'shanda) sizlarga qilib o'tgan amallaringiz xabarini berurman!

29.9 . Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarni, albatta, solih bandalar (qatori)ga kiriturmiz.

29.10 . Odamlar orasida shunday kimsalar (ham) borki, o'zlari: "Allohga imon keltirdik", - deydi-da, so'ng Alloh (yo'li)da ozorlansa, odamlarning (bu) fitna (ozor)larini Allohning azobidek bilur. Qasamki, agar Rabbingiz (tomoni)dan g'alaba kelsa, shubhasiz ular: "Albatta, bizlar sizlar bilan birga edik", - derlar. Axir, Alloh (barcha) olamlarning dillaridagi narsalarni yaxshi biluvchi emasmi?!



1 2 3 4 5 6 7 next