4-4 - Dars



TORTINCHI DARS

QAYTA TIRILISHNING FITRATDAGI O`RNI

O`tgan darslarda aytib o`tganimizdek xudoshunoslik fitriydir. Lekin faqat xudoga sig`inish tuyg`usi emas, balki usuli dindagi har bir masala fitriydir. Aks holda shariat bilan xilqat hech vaqt kelisha olmagan bo`lur edi (diqqat qiling!) Agar biz qalbimizga quloq solsak, u holda qalbimiz “o`lim insonning umrining nihoyasi emas, balki bir olamdan boshqa olamga o`tiladigan darichadir” deyishini eshitamiz.  Bu haqiqatni  bilish uchun esa quyidagi masalalarga etibor berishimiz kerakdir:

1.    Mangulikka bo`lgan ishtiyoq;

Darhaqiqat agar inson yo`q bo`lishi uchun yaratilgan bo`lsa edi, hech vaqt yo`q bolishdan hayiqmagan bo`lar edi. Vaholanki, inson hamisha nest-nobud bo`lishni yoqtirmaydigina emas, balki dahshatdadir. Umrni uzaytirishga bo`lgan intilishlar, yoshlikni saqlab qoladigan dori-darmonlar ketidan qilinadigan yugur-yugurlar aytganimizni tasdiqlaydi. Mangulikka bo`lgan ishtiyoq shu narsani isbotlaydiki, inson mangu abadiy hayot uchun yaratilgandir. Aks holda biz abadiyatni shunchalik yaxshi ko`rmagan bo`lar edik. Qalbimizda mavjud barcha haqiqiy ishqlar bizni mukammal qilish uchun xizmat qiladi, shu jumladan abadiyat va mangu hayotga bo`lgan ishq bizni mukammalroq qiladi. Shu narsani unutmaslik kerakki, qiyomat va oxirat haqidagi bahslar Xudovandni xoliq sifatida qabul qilgandan keyingina qilinadi. Zero agar Xudo fitratimizga abadiyat olamiga ishq solgan ekan, u olam albatta mavjuddir.

2.    Oldingi qavmlar oxirat haqida;

Tarixdan ma`lumki, qadim zamonlardan odamlar orasida dinga etiqod bo`lgan.  Ular ham bu dunyodan keyingi oxirat dunyosiga ishonganlar. Qadimgi zamonlardan yetib kelgan tarixiy asarlardan ayniqsa, qabrlarni qurish usullaridan shu narsa ma`lum bo`ladiki, ular ham qayta tirilishga ishonganlar. Chuqur ildizli bunday etiqod oddiy o`rgatishlar sababli vujudga kelgan bo`lishi mumkin emas, zero uzoq muddatlardan beri davom etib kelayotgan etiqodni oddiy urf-odat deya olmaymiz.  Chunki urfu odatlar vaqt o`zgarishi bilan o`zgaradi. Falon kiyimni kiyish odat rasm-rusum hisoblanadi, muhit va zamonning o`zgarishi bilan u ham o`zgaradi. Ammo onaning  farzandiga bo`lgan muhabbati g`ariziy (fitriy)bo`lgani uchun na vaqt o`tishi bilan va na muhit o`zgarishi bilan yo`qotilmaydigan tuyg`udir. Tarix tadqiqotchilarining qilgan izlanishlaridan shu narsa ma`lum bo`ldiki, odamlar azaldan dinga va oxiratga ishonganlar shuning uchun murdalarni maxsus usullar bilan dafn qilishgan.

3. Qalbdagi  mahkama, ya`ni vijdonning borligi oxirat borligiga guvohdir.

  Bundan avval ham aytib o`tganimizdek insonning vijdoni kuchli bir hisob –kitob qiluvchi mahkamadir. Shuning uchun yaxshi ishlarimiz tufayli shod bo`lsak, qilgan yomonliklarimiz uchun uning azobini chekamiz. Gohida  og`ir jinoyat qilib tergovdan qochib ketgan ba`zi jinoyatchilar ma`lum muddatdan keyin kelib qonun organlariga o`zlarini topshiradilar. Ulardan nima uchun o`zlarini qonun oldida taslim qilganliklari haqida so`ralganda, ular vijdon azobidan qutulmoqchi ekanliklarini aytadilar. Ha, vijdon ana shunday qudratga ham ega bo`lishi mumkin. Endi aytingchi, qanday qilib oddiy bir inson organizmida shundau mahkama bo`lsa-yu, butun boshli keng dunyo o`zining mahkamasiga ega bo`lmasa? Shunday qilib uch xil yo`l bilan oxiratga bo`lgan ishonchning fitriy ekanligini isbotlashimiz mumkin:

1.    Mangulikka bo`lgan muhabbat;

2.    Bashariyat tarixining hamma davrida oxiratga etiqod bor bo`lganligi;

3.    Inson qalbidagi oxiratning kichik namunasi bo`lmish mahkama - vijdonning mavjudligi.    



1