Qur’on o’qib ibrat olamiz!



Sinovlarga sabab bo’lgan raqqosa

Hijratning sakkizinchi yili buyuk Badr jangidan ikki yil o’tgan edi.  Mushriklar Badr jangidan so’ng ancha zaiflashgan edilar. Ana shunday kunlarning birida Makkada bazmu-jamshidlar davrasini qizitib yuruvchi ayshu-ishrat vositasi bo’lgan Sora ismli raqqosa ayol madinaga hazrat rasululloh (saov) huzurlariga keldi va ul zotdan moddiy yordam so’radi. Payg’ambarimiz (saov): Sen Islom dinini qabul etib iymon keltirdingmi?-deb so’radilar. U: Yo’q-deb javob berdi.

-Islomni o’rganish maqsadida muhojir bo’lib keldingmi?-dedilar.  U esa yana- Yo’q-deb javob berdi.

Shunda hazrat rasululloh (saov) – Nima bo’ldiki, mening huzurimga yordam so’rab kelding? Sening “muxlislaring” ko’p ediku, ular qayerga ketishdi?-dedilar. Badr jangidan keyin ularning ahvollari tang bo’lib qoldi va bozorim ham kasodga uchradi, endi yegulik va ulovga muhtoj bo’lib o’tiribman. Sizning saxovatmand ekanligingizni bilganim uchun huzuringizga keldim-dedi. Hazrat rasululloh (saov) sahobalarga yordam berishlarini aytdilar va ular ham Soraga yordamlarini ayashmadi.

  Bu voqea “Mumtahana” surasining nozil bo’lish     paytiga to’g’ri kelganligi uchun ba’zilar bu raqqosa ayolni mumtahana, ya’ni “imtihon bo’luvchi ayol” deyishsa, boshqalar esa “imtihon bo’lishga sababchi ayol” “Mumtahina” deb atashgan edi. Buning sababi esa quyidagi voqea edi. Hotib bin Abu Baltea nomli yangi islomga kirgan muhojir makkaga qaytib ketayotgan haligi raqqosa Sora orqali Makka mushriklariga bir nomani berib yuborgan edi. Unda aytilishicha, rasululloh (saov) yaqin orada Makkaga qarshi yurish qilishlari va Makka mushriklari bundan ogoh bo’lishliklari kerakligi uqtirilgan edi. Ammo Allohning qudrati bilan hazrat Jabroil (a.s)bu xabarni darrov payg’ambarimizga yetkazadi. Shuning uchun rasululloh (saov) hazrat Ali (a.s)boshchiliklaridagi bir qancha sahobalarni Soraning ketidan yuboradilar.  Ular Makkaga qaytib ketayotgan yarim yo’lga yetib qolgan bu ayolga yetib oldilar va u yashirgan Hotibning maktubini olib berishini talab qilishadi. Sora avvaliga qo’lida maktub borligini inkor qilib turdi, shunda Ali(a.s) unga qarat bunday dedi: Na Allohning elchisi Jabroil (a.s) yolg’on gapiradi va na rasululloh (saov) yolg’onchidirlar. Shunday ekan joning o’zingga kerak bo’lsa, yashirgan maktubingni bizlarga olib ber.

Bu tahdidlarni eshitgan Sora o’zidan qo’rqib yashirgan Hotibning maktubini hazrat Ali (a.s)ga chiqarib berdi. Sahobalar maktubni olib rasululloh (saov) huzurlariga ravona bo’lishdi va u maktubni ul zotga topshirishdi. Maktubning mazmuni bilan tanishib chiqqan rasuli akram (saov) Hotibni huzurlariga chaqirtirdilar va undan bunday xiyonatning sababini so’radilar. Hotib bunday dedi: Aslida men xiyonat qilmoqchi emas edim va iymonkeltirgandan keyin to shu paytgacha sizga qarshi biror yomonlik qilgan emasman. Men  bilar edimki Alloh Taolo nima bo’lganda ham sizga zarar yetkazdirib qo’ymaydi. Ammo mening Makkada qolib ketgan qarindoshlarim mushriklar qaramog’idadirlar. Men boshqa muhojirlarda bo’lgani kabi qarindoshlarimni mushriklardan himoya qiladigan yaqinlarim yo’q. Shuning uchun zora shu maktubdagi ma’lumotlar tufayli  qarindoshlarimga nisbatan rahmli bo’lishsa deb umid qildim. Boshqa tarafdan baribir mening maktubim ularga naf bermasligini yaxshi bilar edim, chunki Alloh Taolo ularga g’alaba ato etmasligiga imonim komildir. Mana shunda Mumtahana surasi nozil bo’lgan edi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لَا تَتَّخِذُوا عَدُوِّي وَعَدُوَّكُمْ أَوْلِيَاء تُلْقُونَ إِلَيْهِم بِالْمَوَدَّةِ وَقَدْ كَفَرُوا بِمَا جَاءكُم مِّنَ الْحَقِّ يُخْرِجُونَ الرَّسُولَ وَإِيَّاكُمْ أَن تُؤْمِنُوا بِاللَّهِ رَبِّكُمْ إِن كُنتُمْ خَرَجْتُمْ جِهَاداً فِي سَبِيلِي وَابْتِغَاء مَرْضَاتِي تُسِرُّونَ إِلَيْهِم بِالْمَوَدَّةِ وَأَنَا أَعْلَمُ بِمَا أَخْفَيْتُمْ وَمَا أَعْلَنتُمْ وَمَن يَفْعَلْهُ مِنكُمْ فَقَدْ ضَلَّ سَوَاء السَّبِيلِ

* Ey, imon keltirganlar, Mening dushmanim va sizlarning dushmaningiz bo'lmish mushriklarni do'st tutmangizlar! Sizlar ularga do'stlik (haqida xabar) yuborursizlar, holbuki, ular sizlarga kelgan Haq (din va Qur'on)ni inkor etgandirlar. (Ya'ni,) ular payg'ambarning va sizlarning Rabbingiz bo'lmish Allohga imon keltirganlaringiz sababli (o'z diyorlaringizdan) haydab chiqarmoqdalar. Agar sizlar Mening yo'limda jihod qilish uchun va Mening roziligimni istab chiqqan bo'lsangizlar (ularni do'st tutmangizlar)! Sizlar ularga pinhona do'stlik qilmoqdasizlar. Holbuki, Men sizlar yashirgan va oshkor qilgan narsani yaxshi biluvchidirman. Sizlardan kimki shu (ish)ni qilsa, bas, aniqki, u to'g'ri yo'ldan ozibdi. (Mumtahana surasi, 1-oyat);

Mana shunday qilib bir fosiqa ayol musulmon odamning imtihon bo’lishiga sabab bo’lgan edi.

 



1