Allohning rahmat va barakot oyini kutib olishga tayyormisiz?



Aziz muxlislar, ha demay Yaratganning rahmati yog’iladigan eng barakotli oylardan hisoblanmish muborak Ramazon oyi kirib keladi. Har bir mo’min-musulmon va hatto o’liklar ham orziqib kutadigan bu nuroniy kunlarga to’la oyni kutib olishga tayyorgarlik ko’rdingizmi? Ha, azizlar, savolimizdan hayron bo’lmang, chunki har bir qimmatli narsaning o’ziga xos xususiyati bo’lgani kabi qadrli Ramazon oyining ham o’ziga xos xususiyatlari bordir. Shu jumladan uning istiqboliga tayyorlanib chiqish ham ana shu oy fazilatlaridan biridir. Qanday qilib tayyorgarlik qilish kerak deysizmi? Quyidagi bahsimiz ana shu haqdadir.

Azialar, Ramazon oyi – sabr, tavba, rahmat, mag’firat, xayrliklar, duo oyidir. Shuningdek bu oy Qur’on oyi ham deyiladi. Chunki hadisga asosan, har narsaning o’z bahori bor, Qur’oni Karimning bahori esa – Ramazon oyidir.

Darvoqe, siz azizlar ham Ramazon oyini sevinib kutib oluvchilar qatorida bo’ldingizmi? Agar bunday sevinch hali qalbingizni o’rtamagan bo’lsa, unda quyidagi hadisni diqqat bilan o’qib chiqing:

Madinai munavvarada hazrat rasululloh (saov) Ramazon oyi xushxabari haqida sahobalarga ma’ruza o’qiyotib, jumladan bunday deb  marhamat qildilar:

“Huzuringizga Ramazon oyi kirib kelyapti. Alloh Taolo unda ro’za tutishlikni farz qildi. Bu oyda Osmonning rahmat darvozalari ochilib, jahannam eshiklari yopilgay. Shaytonlarning qudratlilari zanjirband etilgay. Aynan mana shu oyda ming oydan yaxshiroq bo’lgan qadr kechasi keladi. Endi mana shu muborak oyning yaxcshiliklaridan foydalanib qola olmagan odamlar- ana ushalar haqiqiy mahrum odamlardir”.

Mana shu hadisning o’zidan ko’rinib turganidek,  Ramazon oyining kirib kelishi musulmonlar bir-birlarini tabriklashlariga asos bo’la oladi. Axir musulmonlarga rahmat eshiklarining ochilishi, gunohkorlarga jahannam eshiklari yopilishi, oqil odamlarga esa shaytonning zanjirband etilishini tabrik etmay bo’ladimi? 

Mana shunday tarovatli ro’za kunlariga yetishishni istab ne-ne solih bandalar uzoqdan-uzoq duo qilganliklarini bilsangiz edi. Ular hamisha “Alloh bizlarga qayta-qayta Ramazon oyida ibodat qilishlik tavfiqini ato etsin” deya ko’z yosh bilan yolvorar edilar. Hozirda ham ana shunday, hamisha solih bandalar “yana Ramazon oyiga sog’-salomat yetkazsin” deya duo qiladilar. Uzoqqa borishning hojati yo’q, atrofingizga bir nazar tashlang va o’tgan Ramazon bilan bu yilgi Ramazon orasida qancha tanish-bilishlaringiz dunyodan ko’z yumib ketganliklarini eslang…

Ramazon oyini kutib olar ekansiz, qalbingizdagi maqsad va sadoqatingizni tekshirib qo’ying. Ramazon oyiga shunchaki xolis niyat qilmay kirib qolgan ayrim odamlarga o’xshab qolmang. Siz ro’zani xolis Alloh uchun tutishni, bu oyda ibodatlaringizni ham son jihatdan va ham sifat jihatdan yuqori darajaga olib chiqishni niyat qiling. Ramazon oyi tugagach esa qo’lga kiritgan ibodat lazzatini totish hissini qo’ldan boy bermang. Shunday qilsangiz keyingi kunlaringiz oldingilaridan yaxshiroq va samaraliroq bo’lishiga erishasiz. Ramazon oyiga atab ataylab xarajat qilishingiz juda yaxshi, ammo ana shunday moddiy tayyorgarlik bilan bir qatorda ruhiy tayyorgarlikni ham aslo unutmang, aks holda Ramazon oyidan bahramand bo’lish baxtidan ajrab qolishingiz mumkin.

Mana bu hadisga quloq soling: rasululloh (saov) mana bunday deb marhamat qilgan edilar:

Ramazon ro’zasini iymon va savob umidida tutgan kishining avvalgi barcha gunohlari kechiriladi.



1 next