JIN surasi



72.1 . (Ey, Muhammad,) ayting: "Menga vahiy qilindiki, jinlardan bir guruhi (Qur'on tilovatimni) eshitib, (o'z qavmlariga borib), dedilar: "Darhaqiqat, bizlar ajib bir Qur'onni eshitdik.

72.2 . U to'g'ri yo'lga hidoyat qiladi. Bas, darhol unga imon keltirdik. Bizlar (endi) Rabbimizga hech kimni sira sherik qilmasmiz.

72.3 . Albatta, buyukligi oliy bo'lmish Rabbimiz biror juft va yo farzand tutgan emasdir.

72.4 . Albatta, bizlarning ichimizdagi ablah (iblis) Alloh sha'niga ("Uning xotini va farzandi bor", - deb) tutruqsiz so'z aytar edi.

72.5 . Yana ins ham, jin ham Alloh sha'niga sira yolg'on so'zlamas, deb o'ylar edik.

72.6 . Insdan bo'lmish (ayrim) kishilar jindan bo'lmish kimsalardan panoh tilashar, ularga esa yanada haddan oshishni ziyoda qilur edilar.

72.7 . Albatta, ular (insonlarning kofirlari) ham xuddi sizlar gumon qilganingizdek, Alloh biror kimsani qayta tiriltirmas, deb gumon qilganlar.

72.8 . Bizlar (farishtalardan vahiyni eshitib olish uchun) osmonga daxldor bo'lgan edik, uning kuchli qo'riqchi (farishta)lar va (jinlarga otiluvchi uchar) yulduzlar bilan to'la ekanligini ko'rdik.

72.9 . Biz (ilgari) undan (osmondan ba'zi) joylarga (farishtalar so'zlarini) eshitib olish uchun o'tirib olar edik. Endi hozir (Muhammad payqambar bo'lgach,) kimki (qaysi jin) tinglamoqchi bo'lsa, o'zini kuzatib turgan bir (uchar) yulduzni topar.

72.10 . Biz yerdagi kishilarga (Alloh tomonidan) yomonlik iroda qilinganmi yoki Parvardigorlari ularga to'g'ri yo'lni iroda qilganmi, bilmasmiz.



1 2 next