TAHRIM surasi



66.1 . Ey, Payg'ambar, nega xotinlaringizning roziligini istab, Alloh Siz uchun halol qilgan narsani harom qilib olursiz! Alloh mag'firatli va rahmlidir.

66.2 . Darvoqe, Alloh sizlar uchun (ma'lum miqdorda kafforat - jarima to'lab) qasamlaringizni halollab olishni farz qilgan. Alloh xojalaringizdir. U biluvchi va hikmat sohibidir.

66.3 . Payg'ambar xotinlaridan biriga (Hafsaga) bir gapni (cho'risi Moriya talog'i va xalifalikni) xufyona aytganini eslang! Bas, qachonki, (Hafsa) u (sir) haqida (Oishaga) xabar bergach, Alloh uni bundan voqif qildi va u (Hafsaga o'zi bilgan narsaning) ba'zisini bildirdi va ba'zisidan yuz o'girdi (bildirmadi). Bas, qachonki, (Payg'ambar Hafsaga) xabarni aytgach, u: "Kim Sizga bu xabarni berdi?" - dedi, (payg'ambar): "Menga biluvchi va xabardor zot (Alloh) xabar berdi", - dedi.

66.4 . (Ey, Hafsa va Oisha,) agar sizlar Allohga tavba qilsangizlar (o'zlaringizga yaxshi). Chunki dillaringiz (haq yo'ldan) toyib ketdi! (Ammo) agar sizlar uning (Payg'ambarning) zarariga hamkorlik qilsangizlar, u holda, shubhasiz, Allohning O'zi ham, Jabroil ham, ahli solih mo'minlar ham uning himoyachisidirlar. Yana, bulardan keyin farishtalar ham (Payg'ambarga) yordamchidir.

66.5 . (Uning) Parvardigori - agar u sizlarni taloq qilsa - unga sizlardan yaxshiroq juftlarni - muslima, mo'mina (Alloh va Uning payg'ambariga) itoat etuvchi, tavba-tazarru qiluvchi, obida, (mudom Allohning yo'lida) yuruvchi juvon va qizlarni almashtirib berishi mumkin.

66.6 . Ey, imon keltirganlar, o'zlaringizni va oila a'zolaringizni yoqilg'isi odamlar va toshlar bo'lmish do'zaxdan saqlangizki, unda daqal va qattiqqo'l, Alloh buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni qiladigan farishtalar (tururlar).

66.7 . Ey, kufrda bo'lganlar, bugun uzr aytmay qo'ya qolinglar! Sizlar faqat o'zlaringiz qilib o'tgan amallaringiz bilan jazolanursizlar.

66.8 . Ey, imon keltirganlar, Allohga chin tavba qilinglar, shoyadki, Rabbingiz sizlarning yomonlik (gunoh)laringizni o'chirib, ostidan anhorlar oqib turadigan jannatlarga kiritsa! U Kunda Alloh payg'ambarni va u bilan birga imon keltirganlarni sharmsor qilmas. Ularning nurlari oldilarida va o'ng tomonlarida yurar. Ular: "Ey, Rabbimiz, O'zing bizlarga nurimizni komil qilib bergin va bizlarni mag'firat etgin. Albatta, Sen har narsaga qodirdirsan", - derlar.

66.9 . Ey, Payg'ambar, kofir va munofiqlarga qarshi kurashing va ularga qattiqqo'l bo'ling! Ularning joylari jahannamdir! Naqadar mudhish qismat bu!

66.10 . Alloh kofir bo'lgan kimsalar haqida Nuhning xotini va Lutning xotinini misol keltirdi. U ikkisi Bizning bandalarimizdan ikki solih banda (qo'l) ostida edilar. Bas, u (ayol)lar ularga xiyonat qildilar. (Nuh va Lut) Alloh(ning azobi)dan biror narsani u ikkisidan daf qila olmadilar. (Ularga): "Kiruvchilar bilan birga do'zaxga kiringlar!" - deyildi.



1