TALOQ surasi



65.1 . Ey, Payg'ambar, qachonki, sizlar (mo'minlar) xotinlaringizni taloq qilsangizlar, ularning iddalarida (poklik paytlarida) taloq qilinglar va iddani sananglar! Rabbingiz - Allohdan qo'rqinglar! (Idda tugaguncha) ularni (yashab turgan) uylaridan (haydab) chiqarmangizlar va ular ham o'zlaricha chiqib ketmasinlar. Faqat ular ochiq fahsh (buzuqlik yoki idda o'tmay chiqib ketish kabi) ishni qilsalargina (uylaridan chiqarilurlar). Bu Allohning chegaralaridir. Kimki, Alloh chegaralaridan tajovuz qilib o'tsa, demak, u o'ziga zulm qilibdi. Siz bilmassiz, ehtimol, Alloh bu (taloq)dan keyin biror ishni paydo qilar.

65.2 . Bas, qachonki, (idda) muddatiga yetsalar, bas, ularni yaxshilik bilan olib qolinglar yoki yaxshilik bilan (haqqi-mahrlarini berib) ajrashinglar. Va (yarashayotgan yoki ajralishayotganda) o'zlaringizdan (musulmonlardan) ikki adolatli guvohni hozir qilinglar va guvohlikni Alloh uchun mukammal ado etinglar! Bu (hukm)dan faqat Allohga va oxirat Kuniga imon keltiruvchi kishi pand olur. Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo'lini (paydo) qilur.

65.3 . Yana, uni o'zi o'ylamagan joydan rizqlantirur. Kimki Allohga tavakkul qilsa, bas, (Allohning) O'zi unga kifoya qilar. Albatta, Alloh O'zi (xohlagan) ishiga yetuvchidir. Alloh barcha narsa uchun miqdor (o'lchov) qilib qo'ygandir.

65.4 . Xotinlaringiz orasidagi (keksayib) hayz ko'rishdan umid uzganlari, agar sizlar (iddalari xususida) shubhalansangizlar, bas, (bilingizki,) ularning iddalari uch oydir, yana (haligacha hayz ko'rmaganlarning (iddalari) ham. Homiladorlarning (idda) muddatlari homilalarini qo'yishlari (ko'z yorishlari)dir. Kimki Allohga taqvo qilsa, (Alloh) uning ishini oson qilur.

65.5 . Bu Allohning sizlarga nozil qilgan amridir. Kimki Allohga taqvo qilsa, uning yomonlik (gunoh)larini o'chirur va uning mukofotini buyuk qilur.

65.6 . Ularga (taloq iddasini saqlayotgan xotinlaringizga) o'zlaringiz maskan tutgan joydan toqatingizga qarab joy beringlar va ularni (turgan joylaridan) siqib chiqarish maqsadida ularga zarar yetkazmanglar! Agar ular homilador bo'lsalar, u holda, to homilalarini qo'ygunlaricha, ularga nafaqa berib turinglar! Bas, agar (taloq qilgan ayollaringiz) sizlar uchun (bola) emizsalar, u holda ularning haqlarini beringlar! (Emizish xususida) yaxshilik bilan o'zaro kelishib olinglar! Agar (kelisha olmasdan) tang holga tushsangizlar, bas, u (ota) uchun (bolasini) boshqa (bir ayol) emizur.

65.7 . Boy kishi o'z boyligidan nafaqa bersin. Kimning rizqi tang qilingan (kambag'al) bo'lsa, u holda, Alloh unga ato etgan narsadan (holiga yarasha) nafaqa bersin! Alloh hech bir jonni O'zi unga ato etgan (rizq)dan boshqa narsaga taklif qilmas. Alloh tanglik (kambag'allik)dan keyin yengillik (boylik)ni ham paydo qilur.

65.8 . Qanchadan-qancha qishloq (shahar)lar borki, o'z Parvardigorlari va Uning payg'ambarlari amridan bosh tortgandirlar, bas, Biz ularni qattiq hisob-kitob qilganmiz va xunuk azob bilan azoblaganmiz.

65.9 . Bas, u (qishloq-shaharlarning ahli) o'z qilmishlarining uvolini totdilar va bu ishlarining oqibati ziyon ko'rish bo'ldi.

65.10 . Alloh ularga (oxiratda ham) qattiq azobni tayyorlab qo'ygandir. Bas, ey, imon keltirgan aql egalari, Allohdan qo'rqinglar! Darvoqe, U zot, sizlarga Zikrni (Qur'on)ni nozil qildi.



1