HASHR surasi



59.11 . (Ey, Muhammad,) munofiq kimsalar o'zlarining ahli kitoblaridan (yahudiylardan) bo'lmish kofir birodarlariga: "Qasamki, agar sizlar (Madinadan) quvib chiqarilsangizlar, albatta, bizlar ham sizlar bilan birga chiqib keturmiz va sizlar(ga qarshi harakat)da hech qachon hech kimga itoat etmasmiz. Agar sizlarga qarshi jang qilinsa, albatta, bizlar sizlarga yordam berurmiz",- dyishlarini ko'rmaysizmi? Alloh guvohlik berurki, ular, albatta, yolg'onchidirlar.

59.12 . Qasamki, agar (yahudiylar o'z diyorlaridan) quvib chiqarilsalar, (munofiqlar) ular bilan birga chiqib ketmaslar. Qasamki, agar (yahudiylarga qarshi) jang qilinsa, (munofiqlar) ularga yordam ham bermaslar. Mabodo yordam bersalar ham, albatta, yahudiylar (mag'lub bo'lib) ortlariga qarab qochurlar va keyin ularga yordam berilmas.

59.13 . (Ey, mo'minlar,) sizlar (munofiqlarning) dillarida Allohdan ko'ra qo'rqinchliroqdirsizlar. Bunga sabab, ular (Allohning qudratini) anglamaydigan qavm ekanliklaridir.

59.14 . Ular (munofiq va yahudiylar) hammasi sizlar bilan faqat qal'ali qishloqlar (ichida berkinib) yoki devorlar ortidagina jang qila olurlar. Ular o'z o'rtalarida "kuchli"dirlar. (So'zlaridan) ularni bir deb hisoblaysiz-u, (ammo) dillari xilma-xildir. Bunga sabab ularning aqlsiz qavm ekanliklaridir.

59.15 . (Ular) xuddi o'zlaridan ozgina oldin o'tgan, o'z qilmishlarining uvoliga qolgan kimsalarning (Badr jangida yengilgan mushriklarning) o'xshashidirlar. Ularga (oxiratda ham) alamli azob bordir.

59.16 . (Ular) xuddi shaytonning o'xshashidirlar.Qaysiki, u insonga: "Kofir bo'l", - deydi. Bas, qachonki, (inson) kofir bo'lgach, (shayton unga): "Men sendan bezorman. Zero, men (barcha) olamlar Parvardigori - Allohdan qo'rqarman", - deydi.

59.17 . Bas, ikkisining (shayton va kofirning) oqibati do'zaxga kirib, unda mangu qolishlari bo'ldi. Zolim kimsalarning jazosi shudir.

59.18 . Ey, imon keltirganlar, Allohdan qo'rqinglar va (har bir) jon (egasi) ertangi kun (Qiyomat) uchun nimani (qanday amalni) taqdim etganiga qarasin! Allohdan qo'rqinglar! Albatta, Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.

59.19 . Sizlar Allohni unutib qo'yganlar, bas, (shundan keyin Alloh) ularga o'zlarini ham unutdirib qo'ygan kimsalar kabi bo'lmangiz! Ana o'shalar fosiq (itoatsiz) kimsalardir.

59.20 . Do'zax ahli bilan jannat ahli barobar bo'lmas. Jannat ahli yutuqqa erishgan zotlardir.

59.21 . Agar Biz ushbu Qur'onni biror tog' uzra nozil qilganimizda edi, albatta, u (tog')ni Allohning qo'rquvidan bo'yin sungan va yorilib ketgan holida ko'rgan bo'lur edingiz. Biz bu misollarni odamlarga zora ular tafakkur qilsalar, deb keltirmoqdamiz.

59.22 . U - Alloh, shunday zotdirki, Undan o'zga iloh yo'qdir. (U) yashirin va oshkora narsalarni biluvchidir. U mehribon va rahmlidir.

59.23 . U - Alloh, shunday zotdirki, Undan o'zga iloh yo'qdir. (U) podshoh, (barcha ayb-nuqsonlardan) pok, (bandalariga) omonlik beruvchi, kuzatib turuvchi, qudrat sohibi, bo'yin sundiruvchi va kibr egasidir. Alloh ularning (mushriklarning) shirklaridan pokdir.

59.24 . U - Alloh, yaratuvchi, (yo'qdan) bor qiluvchi, (barcha narsaga) surat (va shakl) beruvchidir. Uning go'zal ismlari bordir. Osmonlar va Yerdagi (bor) narsa Unga tasbeh aytur. U qudrat va hikmat sohibidir.



back 1 2