HUJUROT surasi



49.1 . Ey, imon keltirganlar, Alloh va Uning Payg'ambari oldida (ikkisining iznisiz biror so'z yoki ishni) muqaddim etmangizlar! Allohdan qo'rqingizlar! Albatta, Alloh eshituvchi va biluvchidir.

49.2 . Ey, imon keltirganlar, amallaringiz o'zlaringiz sezmagan holingizda zoye bo'lib ketmasligi uchun sizlar ovozlaringizni Payg'ambarning ovozidan yuqori ko'tarmanglar va unga bir-birlaringizga baland ovoz (dag'al so'z) qilgandek baland ovoz qilmangizlar!

49.3 . Allohning Payg'ambari huzurida ovozla rini past qilgan zotlar - aynan o'shalar Alloh dillarini taqvo uchun imtihon qilgan zotlardir. Ular uchun mag'firat va ulkan mukofot bordir.

49.4 . (Ey, Muhammad,) albatta, (ayollaringiz yashaydigan) hujralar ortidan turib, Sizni chaqiradigan kimsalarning ko'plari aql ishlatmaydilar.

49.5 . Agar ular, to (Siz o'zingiz) ularning oldiga chiqquningizgacha, sabr qilganlarida, albatta, o'zlari uchun yaxshi bo'lur edi. Alloh mag'firatli va rahmlidir.

49.6 . Ey, mo'minlar, agar sizlarga bir fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat yetkazib qo'yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo'lmasliklaringiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko'ringizlar!

49.7 . Bilinglarki, oralaringizda Allohning Payg'ambari bordir. Agar u ko'p ish(lar)da sizlarga bo'yin sunsa, albatta, sizlar mashaqqatlarga duchor bo'lur edingizlar. Lekin Alloh sizlarga imonni suyukli qildi va uni dillaringizga ziynat qildi hamda sizlarga kufrni fisqu-fujurni va itoatsizlikni yomon ko'rsatib qo'ydi. Ana o'shalargina to'g'ri yo'l topuvchilardir.

49.8 . (Bu) Alloh (tomoni)dan bo'lmish fazl (marhamat) va ne'matdir. Alloh bilimli va hikmatlidir.

49.9 . Agar mo'minlardan ikki toifa o'zaro urushib qolsalar, darhol ular o'rtasini isloh etinglar! Bas, agar ulardan biri, ikkinchisining ustiga tajovuzkorlik qilsa, bas, to (tajovuzkor toifa) Allohning amriga qaytgunicha, sizlar tajovuz qilgan (toifa) bilan urushinglar! Endi agar u (toifa tajovuzkorlikdan) qaytsa, sizlar darhol ularning o'rtasini adolat bilan tuzatib qo'yinglar va adolat qilinglar! Zero, Alloh adolatlilarni sevar.

49.10 . Albatta, mo'minlar og'a-inidirlar. Bas, sizlar ikki og'a-iningiz o'rtasini tuzatib qo'yinglar va Allohdan qo'rqinglar, shoyad rahm qilinsangizlar.



1 next