HUJUROT surasi49.11 . Ey, mo'minlar, (sizlardan) bir qavm (boshqa) bir (mo'min) qavmni masxara qilmasin! Ehtimolki, (masxara qilingan qavm) ulardan yaxshiroq bo'lsalar. Yana (Sizlardan) ayollar ham (boshqa) ayollarni (masxara qilmasinlar)! Ehtimolki, (masxara qilingan ayollar) ulardan yaxshiroq bo'lsalar. O'zlaringizni (bir-birlaringizni) mazax qilmanglar va bir-birlaringizni laqablar bilan atamanglar! Imondan keyin fosiqlik nomi naqadar yomondir! Kimki tavba qilmasa, bas, aynan o'shalar zolimlardir. 49.12 . Ey, mo'minlar, ko'p gumon(lar)dan chetlaninglar! Chunki ba'zi gumon(lar) gunohdir! (O'zgalar aybini qidirib) josuslik qilmanglar va biringiz biringizni g'iybat qilmasin! Sizlardan biror kishi o'lgan birodarining go'shtini yeyishni xohlaydimi?! Uni yomon ko'rasiz-ku, axir! Allohdan qo'rqingiz! Albatta, Alloh tavbalarni qabul qiluvchi va rahmli zotdir. 49.13 . Ey, insonlar, darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishlaringiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo'ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog'ingiz taqvodorrog'ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir. 49.14 . A'robiylar: "Imon keltirdik", - dedilar. (Ey, Muhammad, ularga) ayting: "Sizlar imon keltirganlaringiz yo'q, lekin sizlar "Islomga kirdik" denglar! (Chunki hanuz) dillaringizga imon kirgan emasdir. Agar sizlar Allohga va Uning Payg'ambariga itoat etsangizlar, U sizlarga (qilgan yaxshi) amallaringizdan (savobidan) biror narsani kamaytirmas. Albatta, Alloh mag'firatli va rahmlidir". 49.15 . Haqiqiy mo'minlar Alloh va Uning Payg'ambariga imon keltirib, so'ngra shubha qilmagan va mollari va jonlari bilan Alloh yo'lida jihod qilgan zotlardir. Aynan o'shalargina (imonlarida) sodiqdirlar. 49.16 . (Ey, Muhammad, a'robiylarga) ayting: "Sizlar Allohga diningizni bildirmoqchimisizlar?! Vaholanki, Alloh osmonlardagi va Yerdagi (bor) narsani bilur. Alloh barcha narsani biluvchidir". 49.17 . Ular Sizga islomga kirganlarini minnat qilurlar. Ayting: "Sizlar menga islomingizni minnat qilmangiz. Balki agar (imoningizda) sodiq bo'lsangiz, bilingizki, Alloh sizlarni imonga hidoyat qilganini minnat qilur. 49.18 . Albatta, Alloh osmonlar va Yerdagi g'ayb (sirlar)ni bilur. Alloh qilayotgan amallaringizni ko'rib turuvchidir".
|