MUHAMMAD surasi47.21 . itoat etish va yaxshi so'z (so'zlash) edi. Endi, qachonki, ish (jang) muqarar bo'lganda, agar ular Allohga sodiq (rostgo'y) bo'lganlarida, albatta, o'zlari uchun yaxshi bo'lur edi. 47.22 . Agar (imondan) bosh tortsangizlar, yaqinki, sizlar yerda buzg'unchilik qilarsizlar va qarindoshlaringiz (bilan ham aloqalaringiz)ni uzarsizlar. 47.23 . Unday kimsalarni Alloh la'natlagandir, bas, ularning (quloqlarini) "kar", ko'zlarini "ko'r" qilib qo'ygandir. 47.24 . Axir, ular Qur'on (oyatlari) haqida fikr yuritmaydilarmi?! Balki dillarda qulflari bordir?! 47.25 . Haqiqatan, o'zlariga hidoyat (yo'li) ravshan bo'lganidan keyin yana ortlariga (kufrga) qaytib ketgan kimsalarga (bu ishlarni) shayton chiroyli qilib ko'rsatdi va ular uchun (puch orzularni) uzaytirib qo'ydi. 47.26 . Bunga (kufrga qaytishlariga) sabab - ularning Alloh nozil qilgan narsani (Qur'onni) yomon ko'rgan kimsalarga: "Biz ayrim ishlarda sizlarga itoat etamiz", - deganlaridir. Holbuki, Alloh ularning yashirgan (sir)larini bilur. 47.27 . Bas, farishtalar ularning yuzlari va ketlariga urib, jonlarini olar vaqtida, (hollari) ne kechur?!. 47.28 . Bunga sabab ularning Allohni g'azablantirgan narsaga (munofiqlikka) ergashib, Uning rizoligini (kofirlarga qarshi jang qilishni) yomon ko'rganlaridir. Bas, (Alloh) ularning (qilgan yaxshi) amallarini behuda ketkazdi. 47.29 . Balki, dillarida maraz (nifoq) bo'lgan kimsalar Alloh ularning (dillaridagi) adovatlarni oshkor qilmas, deb o'ylagandirlar?! 47.30 . (Ey, Muhammad,) agar xohlasak, albatta, Sizga ularni (munofiqlarni) ko'rsatib (tanitib) qo'ygan bo'lur edik, u holda Siz ularni belgilaridan tanib olgan bo'lur edingiz. (Qasamki, endi) albatta, Siz ularni so'z ohangi (uslubi)dan tanib olursiz. Alloh (barcha) amallaringizni bilib turur. 47.31 . Albatta, Biz, to sizlarning orangizdagi jihod qiluvchi va sabr qiluvchi zotlarni bilgunimizcha hamda sizlarning xabarlaringizni sinagunimizcha, sizlarni imtihon qilurmiz. 47.32 . Albatta, kofir bo'lgan va (o'zgalarni ham) Allohning yo'lidan to'sgan hamda o'zlariga hidoyat (yo'li) ravshan bo'lganidan keyin yana Payg'ambarga muxoliflik qilgan kimsalar, Allohga biror zarar yetkaza olmaslar va (Alloh) ularning ishlarini behuda ketkazur. 47.33 . Ey, imon keltirganlar, Allohga itoat etingiz va Payg'ambarga itoat etingiz! Amallaringizni zoye qilmangiz! 47.34 . Albatta, kofir bo'lgan va (o'zgalarni ham) Alloh yo'lidan to'sgan, so'ngra kofirlik hollarida o'lgan kimsalarni Alloh sira mag'firat etmas. 47.35 . Bas, (ey, mo’minlar, jangda) sustkashlik qilmangiz va o'zlaringiz ustun bo'la turib (ularni) sulhga chaqirmangiz! Alloh sizlar bilan birgadir va U qilgan amallaringiz (savobi)ni sira kamaytirmas. 47.36 . Albatta, bu dunyo hayoti faqat o'yin va behudalikdir. Agar sizlar imon keltirsangizlar va taqvoli bo'lsangizlar, U sizlarga mukofotlaringizni berur va sizlardan mollaringizni so'ramas. 47.37 . Agar (Alloh) sizlardan (mollaringizni) so'rab, sizlarni qiynaydigan bo'lsa, sizlar baxillik qilursizlar va U sizlarning (dillaringizdagi) gina (adovat)laringizni fosh qilur. 47.38 . Ey, sizlar! Alloh yo'lida ehson qilish uchun da'vat qilinasizlar. Bas, (aniqki) sizlarning orangizda baxillik qiladigan kimsalar ham bordir. Kim baxillik qilsa, bas, faqat o'z zarariga baxillik qilur. Alloh boy, sizlar esa faqirdirsizlar. Agar sizlar (Allohga itoat etishdan) bosh tortsangizlar, U (o'rningizga) sizlardan boshqa bir qavmni almashtirib qo'yur, so'ngra ular sizlarga o'xshagan bo'lmaslar, (balki Allohga itoat qilurlar).
|