AHQOF surasi46.21 . (Ey, Muhammad,) Od (qabilasi)ning birodarini (Hudni) eslang! O'shanda u o'zining qum-tepalardagi qavmini:"Sizlar Allohgagina ibodat qilinglar! Men, haqiqatan, sizlarga ulug' Kunning azobidan qo'rqarman", - deb ogohlantirgan edi. Vaholanki, undan oldin va keyin ham ogohlantiruvchilar (payg'ambarlar) o'tgandir. 46.22 . Ular: "Sen bizlarni xudolarimizdan burish uchun keldingmi?! U holda agar rostgo'y kishilardan bo'lsang, bizlarga va'da qilayotgan narsangni (azobni) keltirgin-chi?"-dedilar. 46.23 . U aytdi: "(azob haqidagi)bilim faqat Alloh huzuridadir. Men sizlarga o'zim elchi qilib yuborilgan (din)ni yetkazurman. Lekin men sizlarni johil qavm ekaningizni ko'rmoqdaman". 46.24 . Bas, qachonki, ular o'sha (azob)ni o'z vodiylariga qarab kelayotgan bir (qora) bulut holida ko'rishgach: "Bu bizlarga yomg'ir keltiruvchi bulutdir", - dedilar. Yo'q, u o'zlaringiz qistagan narsa bo'rondir-ki, unda alamli azob bordir. 46.25 . U Parvardigorining amri bilan barcha narsani vayron qilur. Bas, (u bo'ron kelib), tong otganida faqat ularning (qoldiq) maskanlarigina ko'zga tashlanar edi. Biz jinoyatchi qavmni mana shunday jazolaymiz. 46.26 . Holbuki, (ey, Makka ahli,) Biz ularni (boylik va quvvatda) sizlarni qodir qilmagan narsalarga qodir qilgan edik va ularga quloq, ko'z va dillar (ato) qilgan edik. (Lekin) ular Allohning oyatlarini inkor etganlari uchun ularga quloq-ko'zlari ham, dillari ham biror foyda bermadi va ularni o'zlari masxara qilib yurgan narsalari o'rab oldi. 46.27 .(Ey, Makka ahli,) Biz sizlarning atrofingizdagi qishloq (shahar)larni halok qildik. Biz ularga shoyad (yaxshi yo'lga) qaytsalar, deb oyatlarni batafsil bayon qilgan edik. 46.28 . Axir, o'zlari Allohni qo'yib, (Allohga) yaqin qiladigan "xudo"lar, deb tutgan (sig'ingan) narsalari ularga yordam bersalar bo'lmasmidi?! Yo'q, ulardan g'oyib bo'lib qolishdi! Bu ularning uydirmalari va (Alloh sha'niga) to'qigan bo'htonlaridir. 46.29 .(Ey, Muhammad,) eslang, huzuringizga bir guruh jinlarni Qur'on tinglasinlar, deb yuborgan edik. Bas, qachonki, ular hozir bo'lishgach, (bir-birlariga): "Jim bo'linglar", - dedilar. Bas, qachonki, (tilovat) tugatilgach, ular o'z qavmlari oldiga ogohlantiruvchi bo'lgan hollarida qaytib ketdilar. 46.30 . Ular dedilar: "Ey, qavmimiz, darhaqiqat, biz Musodan keyin nozil qilingan, o'zidan oldingi (ilohiy kitob)larni tasdiq qiluvchi Haq (din)ga va To'g'ri yo'lga hidoyat qiladigan bir Kitobni (Qur'onni) tingladik. 46.31 . Ey, qavmimiz, Allohning da'vatchisi (Muhammad)ni qabul qilinglar va unga imon keltiringlar, (shunda Alloh) gunohlaringizni mag'firat qilur va sizlarga alamli azobdan panoh berur. 46.32 . Kim Allohning da'vatchisini qabul qilmasa, bas, u yer yuzida qochib qutuluvchi emasdir va uning uchun (Allohdan) o'zga "do'stlar" ham yo'qdir. Ana o'shalar aniq zalolatdadirlar". 46.33 . Axir, ular (oxiratni inkor etuvchilar) osmonlar va Yerni yaratgan, ularni yaratishda charchamagan Alloh o'liklarni tiriltirishga ham qodir ekanligini (o'ylab) ko'rmadilarmi?! Yo'q! Albatta, U barcha narsaga qodirdir. 46.34 . Kofir bo'lgan kimsalar do'zaxga duchor qilinadigan Kunda (ularga): "Ushbu (azob) haq emas ekanmi?!" (deyilganida), ular: "Yo'g'-ye, Rabbimizga qasamki, (haq ekan)", - derlar. (Shunda Alloh) aytur: "Bas, kofir bo'lganingiz sababli (mana shu) azobni totinglar!" 46.35 . Bas, (ey, Muhammad,) Siz ham matonatli payg'ambarlar sabr qilganlaridek sabr qiling va ularga (tushadigan azobni) qistamang! Ular o'zlariga va'da qilinayotgan azobni ko'radigan Kunda go'yo (bu dunyoda) faqat kunduzdan bir soatgina turgandek bo'lib qolurlar! (Bu Alloh tomonidan) bir bayonotdir. Bas, faqat fosiqlar qavmigina halok qilinur.
|