ALJOSIYA surasi45.1 . Ho, Mim. 45.2 . (Bu Qur'on) qudratli va hikmatli Alloh (tomoni)dan nozil qilingan kitobdir. 45.3 . Haqiqatan, osmonlar va Yerda mo''minlar uchun (Allohga dalolat qiladigan) alomatlar bordir. 45.4 . Yana sizlarning yaratilishingizda va (Alloh yer yuziga) tarqatib yuborgan jonivorlardan iborat narsalarda ham qat'iy ishonadigan qavm uchun alomatlar bordir. 45.5 . Yana kecha va kunduzning almashib turishida va Alloh osmondan yog'dirib, u bilan "o'lgan" yerni "tiriltirgan" rizq (yomg'ir)da hamda shamollarning yo'naltirilishida aql yurgizadigan qavm uchun alomatlar bordir. 45.6 . (Ey, Muhammad,) bular Allohning oyatlari bo'lib, ularni Sizga haqqoniylik bilan tilovat qilib bermoqdamiz. Bas, ular (Makka kofirlari) Alloh va Uning oyatlarini qo'yib, qaysi so'zga imon keltirmoqdalar?! 45.7 . Har qanday bo'htonchi va gunohkor holiga voykim, 45.8 . u o'ziga tilovat qilinayotgan Alloh oyatlarini eshitar, so'ngra go'yo ularni eshitmagandek, kibrlangan holda (o'z kufrida) davom etar. Bas, (ey, Muhammad,) unga alamli azob "xushxabari"ni bering! 45.9 . Qachonki, oyatlarimizdan biror narsani bilib olsa, uni masxara qilur. Ana o'shalarga xor qiluvchi azob bordir! 45.10 . Ularning ortida jahannam bor! Topgani (boylik va farzandlari) ham, Allohni qo'yib tutgan "do'stlari" ham ularga biror narsada asqotmas. Ularga ulkan azob bordir.
|