Alloh a’to etgan ne’matlari bilan gunoh qilmaylik!



Shukur qiluvchi banda bu shunday insonki, Alloh etgan ne’matlarin Yaratganning buyurganlariga bajarishga sarf etib, qaytarilgan ishlardan o’zini tiyadi.  Hech qachon berilgan ne’matlar bilan unga Ato etgan Robbiga qarshi bo’luvchi ishlarni, ya’ni gunohni qilmaydi. Endi o’ylab ko’ring, insondagi hamma a’zoyi badani unga atalgan ne’mat hisoblanadi. Endi ana shu tana a’zolari bilan uni ato etgan Parvardigorga isyon qilsa  nima degan odam bo’ladi? Axir gunohkorning ish quroli – bu Alloh ne’mati bo’lgan a’zoi badanidir.  Berilgan ko’zlar nomahramlarga tikilishga sarf etilsa, eshituvchi quloqlar Shayton yo’lida bo’lsa, yuradigan oyoqlari harom yo’lda bo’lsa, qo’llari, qalbi, fikri … hamma- hammasi o’z vazifasi emas, adashgan yo’lning xizmatida bo’lsa, bu bandani qanday qilib shukur qiluvchi banda, deb ayta olamiz?!

Yolg’onchilik, g’iybat, tuhmat va … larni aytuvchi tilni qanday qilib ne’matdan to’gri foydalanilgan deb ayta olamiz?!

Bir so’z bilan aytadigan bo’lsak, Alloh harom degan ishni bajarayotgan banda U Zot bergan ne’mat bilan Uning o’ziga qarshi ish tutgan bo’ladi. Yodimizdan chiqmasin, Alloh Taolo ne’matini bizlar baxtli bo’lishimiz uchun a’to etgan. Gunoh va ma’siyatlarni qilishda bizga berilgan  ne’matidan, ya’ni tanamiz a’zolaridan foydalanib baxti qarolardan bo’lib qolmaylik.