Allohning ismi A’zamini bilasizmi?



Balki siz aziz muxlislar mo’jizalar qiluvchi, har qanday duoning ijobat bo’lishiga sabab bo’luvchi Allohning “Ismi A’zam”i haqida eshitgandirsiz. Ammo hamma gap bu ismga bizlarning “qo’limiz yetmasligidadir”. Ammo buyuk mufassirlardan hisoblangan alloma Tabotaboiyning aytishicha bizlar ham bu buyuk tilsimni qo’lga kiritishimiz va Ismi A’zamni o’rganishimiz mumkin emish. Biz bu sahifada ana shu allomaning bergan tavsiyalai bilan siz azizlarni tanishtirmoqchimiz. Marhamat, o’qib o’rganinglar!

Allomaning aytishicha, Allohning hamma ismu-sifatlari garchi dunyodagi ishlarda tasirga ega bo’lsa-da, ammo asl sabab Alloh Taoloning pok zotiga kelib taqaladi. Shuning uchun Unga qaysi ismi bilan murojaat qiladigan bo’lsak ham, muhimi shuki, hojatlarimizning hal bo’lishini faqat O’zidan va chin dildan so’rashimizdadir. Masalan, kasal odam “Yo Alloh” deb yolvoradigan bo’lsa, aslida “Yo Shofi” (ya’ni shifo beruvchi) deb murojaat qiladi. Tilimizda nima deganimiz unchalik muhim emas, muhimi boshqa barcha narsalarni unutib Mutlaq Zotga qarab yolvorishdadir. Albatta bu deganimiz dunyodagi barcha sababchilarni unutib burchakka tiqilib olib faqat duo qilish kerak, degani emasdir. Balki, harakatimizni qilaveramiz, ammo asl sabab bu Allohning xohishi ekanini unutmasligimiz kerak demakdir.

Shunday qilib Allohning ismi A’zami – bu qalbimiz tubidan otilib chiqayotgan faqat va faqat Allohga qaratilgan iltijoimizdir. Axir Qur’oni Karimga bekorga “Menga duo qiling va Men albatta uni ijobat qilurman” deb va’da berilmagandir.

Qani azizlar, qo’llarimizni duoga ochib Allohning Ismi A’zami bilan duo qilaylik!