QALAM surasi68.41 . Yoki ularning sheriklari bormi?! U holda rostgo'y bo'lsalar, o'sha sheriklarini keltirsinlar! 68.42 . "Boldirlar ochiladigan" (ishlar mushkillashadigan) va sajda qilishga chorlanishganda, (sajdaga) kuchlari yetmay qoladigan Kunni (eslang)! 68.43 . (O'shanda) ko'zlari quyida va ularni xorlik egallagan holda bo'lurlar. Ular sog'lom bo'lgan hollarida sajda qilishga chorlanar edilar (ammo undan bosh tortar edilar). 68.44 . Bas, (ey, Muhammad,) ushbu So'zni (Qur'onni) yolg'onga chiqaradigan kimsalarni Menga qo'yib bering! Yaqinda Biz ularni o'zlari bilmaydigan (sezmaydigan) tomondan darajama-daraja tutgaymiz (halokatga duchor qilajakmiz)! 68.45 . Men ularga muhlat berib turaman. Zero, Mening "makrim" juda qattiqdir. 68.46 . Yoki Siz (ey, Muhammad, da'vatingiz uchun), ulardan haq so'rayapsiz-u, ular qarzdan og'irsinayaptilarmi?! 68.47 . Yoki ularni huzurlarida g'ayb (Lavhul-Mahfuz) bor-u, ular (aytayotgan so'zlarini o'shandan) yozib olyaptilarmi?! 68.48 . Bas, (ey, Muhammad,) Rabbingizning hukmiga sabr qiling va nahang (baliq) sohibi (Yunus payg'ambar) kabi (betoqat) bo'lmang! Qaysiki, u (baliq qornida turib) g'amga to'lgan holda (Parvardigorga) nido qilgan edi. 68.49 . Agar unga Parvardigori (tomoni)dan ne'mat yetmaganida, albatta, qoralangan holida quruqlikka uloqtirilgan bo'lur edi. 68.50 . Bas, Parvardigori uni (qaytadan payg'ambarlikka) tanlab, solih (payg'ambar)lardan qildi. 68.51 . Albatta, kofir bo'lgan kimsalar Zikrni (Qur'onni) eshitgan vaqtlarida, Sizni ko'zlari bilan yiqitayozurlar va "albatta, u majnun", - derlar. 68.52 . Holbuki, u (Qur'on barcha) olamlar uchun eslatmadir.
|