Hecc surasi



22.41 . Ular (musulmonlar), agar Biz ularni yer yuziga g'olib qilsak - namozni mukammal ado etadigan, zakotni beradigan, yaxshilikka buyuradigan, yomonlikdan qaytaradigan zotlardir. (Barcha) ishlarning oqibati Allohning izmidadir.

22.42 . (Ey, Muhammad,) agar ular (Makka mushriklari) Sizni yolg'onchiga chiqarsalar, (bilinki) ulardan ilgari Nuh qavmi, Od, Samud (qabilalari) ham (o'zlariga yuborilgan payg'ambarlarni) yolg'onchiga chiqarganlar.

22.43 . Ibrohim qavmi, Lut qavmi ham xuddi shunday.

22.44 . Madyan (shahrining) aholisi ham (shunday qildilar). Muso ham yolg'onchiga chiqarildi. Men kofirlarga muhlat berib qo'yib, so'ngra ularni (o'z azobim bilan) ushladim. Bas, Mening qarshiligim qanday bo'ldi?!

22.45 . Zotan, qanchadan-qancha zolim (kofir) bo'lgan hollarida Biz halok qilgan, tomlari (yiqilib) huvullab qolgan qishloq (shahar)lar, (qancha) tashlandiq quduqlar va yuksak (lekin kimsasiz) qasrlar bordir.

22.46 . Axir, ular (Makka mushriklari) yer yuzida sayr qilmaydilarmi, (ana o'shanda) ular uchun ongli dillar, tinglaydigan quloqlar bo'lur edi. Zero, ko'zlar ko'r bo'lmas, balki ko'kraklardagi qalblar ko'r bo'lur.

22.47 . Ular Sizdan (istehzo bilan Alloh va'da etgan naqd) azobni qistaydilar. Holbuki, Alloh va'dasiga sira xilof qilmas. Darvoqe, Rabbingiz nazdidagi bir kun(lik azob) sizlarning hisobingizdagi ming yilga barobardir.

22.48 . Qanchadan-qancha zolim (kofir) bo'lgan hollarida Men muhlat berib qo'yib, so'ngra (azobim bilan) ushlagan qishloq (shaharlar) bo'lgan. Mengagina qaytish(ingiz) bordir.

22.49 . Ayting: "Ey, insonlar, men sizlar uchun aniq ogohlantiruvchidirman, xolos".

22.50 . Bas, imon keltirgan va ezgu ishlarni qilganlar uchun mag'firat va farovon rizq bordir.



back 1 2 3 4 5 6 7 next