Hammasi ixlos haqida



Agar duolaringiz ijobat bo’lishini istasangiz ixlosli bo’lish kerakligini o’zingiz ham yaxshi bilsangiz kerak. Ammo hamma masala shundaki “Ixlos”degani o’zi nima? Ba’zilar ixlos- bu qalb pokligidir deyishsa, boshqalar esa “chin dildan Xudoga yolvorish” deyishadi, yana ba’zilar esa “Xudoga shirk keltirmaslikdir”deb aytishadi. Shunday qilib savoliga javob olishni istagan odam javoblar girdobiga g’arq bo’lgan  holda qaysi bir javob to’g’riligini bilolmay hayron qoladi. Shuning uchun eng yaxshisi savolimiz bilan Alloh Taoloning o’ziga murojaat qilamiz va U zotdan javob istaymiz. Albatta buning uchun Uning pok kalomi Qur’oni Karimga murojaat qilamiz.

Qur’oni Karimda “Ixlos” masalasi

Mehribon Xudovand Qur’onda 31 martaba Ixlos haqida zikr qilgandir.  Masalan, Maryam surasi 51-oyatda Muso (a.s) ixlosli banda sifatida tilga olingandir:

(Ey, Muhammad,) (ushbu) Kitobda Muso (qissasini) yod eting! Darhaqiqat, u tanlab olingan muxlis elchi - payg'ambar edi.

Hazrat Yusuf(a.s) ham shu sifat bilan maqtalganlar:

(Zulayxo) unga moyil, u (Yusuf dili) ham bunga moyil bo'lgandi. Agar Rabbining hujjatini ko'rmaganda (bo'lar ish bo'lar edi). Shu tarzda undan yomonlik va fahshni burib yubordik. Albatta, u (dili) xolis bandalarimizdandir.(Yusuf surasi,24-oyat)

Ixlos ma’nosi Qur’onda

Ba’zi oyati karimalarda ixlos so’zining ma’nosini juda chiroyli tavsiflangandir. Ixlos- bu Allohdan o’zga hamma qudratlardan umid uzish va faqat va faqat Allohga yuz tutishga aytiladi. Masalan, to’fonga uchragan kema musofirlari ana shunday ixlos bilan Allohdan yordam so’rashadi:

فَإِذَا رَكِبُوا فِي الْفُلْكِ دَعَوُا اللَّهَ مُخْلِصِينَ لَهُ الدِّينَ فَلَمَّا نَجَّاهُمْ إِلَى الْبَرِّ إِذَا هُمْ يُشْرِكُونَ

Qachonki, ular kemaga minsalar (g'arq bo'lishdan qo'rqib,) Allohga chin ixlos bilan iltijo qilurlar. Bas, qachonki, (Alloh ularni quruqlikka chiqarib,) najot bergach, banogoh ular (Allohga yana) shirk keltirurlar.(Ankabut surasi, 65-oyat)

وَإِذَا غَشِيَهُم مَّوْجٌ كَالظُّلَلِ دَعَوُا اللَّهَ مُخْلِصِينَ لَهُ الدِّينَ فَلَمَّا نَجَّاهُمْ إِلَى الْبَرِّ فَمِنْهُم مُّقْتَصِدٌ وَمَا يَجْحَدُ بِآيَاتِنَا إِلَّا كُلُّ خَتَّارٍ كَفُورٍ

Qachonki, tog'lardek to'lqin(lar) o'rab olsa, ular chin ixlos bilan Allohga duo iltijo qilurlar. Bas, qachonki, (Alloh) ularga najot berib, quruqlikka (chiqarsa), u holda ulardan (ayrimlarigina) to'g'ri yo'l tutuvchidir. Oyatlarimizni faqat barcha xoin va noshukr kimsalargina inkor qilurlar.(Luqmon surasi, 32-oyat)



1 2 next