JA’FAR IBN ABU TOLIB

www.hidoyat.com

JA’FAR IBN ABU TOLIB

Men Ja’farni jannatda ko’rdim.
Qanotlarining old patlari
qip-qizil qonga bo’yalgan edi.
Hadisi sharif


       Banu Abdumanof qavmidan besh kishi Rasululloh sollallohu alayhi va olihiga quyib qo’yganday o’xshardi, hatto ayrim ko’rish quvvati zaif kishilar ba’zan ularni Payg’ambar alayhissalom bilan adashtirib ham yuborishardi. Albatta, siz eng yaxshi duoyu salomlarga sazovor Payg’ambarga ikki tomchi suvday o’xshash beshovlonning kimligini bilishga qiziqayotgandirsiz? Keling, ular bilan tanishib chiqaylik.
       Ular:
       Abu Sufyon ibn Horis ibn Abdulmuttolib, Payg’ambar janoblarining amakivachchasi, ham emchakdosh birodari.
       Qusam ibn Abbos ibn Abdulmuttalib, Rasululloh sollallohu alayhi va olihining amakivachchasi.
       Soib ibn Ubayd ibn Abduyazid ibn Hoshim, imom Shofe’iy roziallohu anhuning bobokaloni.
       Hasan ibn Ali, Rasululloh sollallohu alayhi va olihiming nabirasi, beshovlonning ichida oxir zamon payg’ambariga eng o’xshashi.
       Ja’far ibn Abu Tolib, amirul mo’minin Ali ibn Abu Tolibning akalari edi.

Hazrati Ja’far ibn Abu Tolib nafaqat tashqi ko’rinishi bilan balki xulqu-atvori ham ul zotga intilgan edi. U Habashistonga hijrat qilgan musulmonlar guruhining boshlig’I edi. Ja’farning Habashiston shohi Najoshiyga tushuntirgan ishi tufayli bu shoh nafaqat musulmonlarni Makka mushriklariga qaytarib bermadi, balki o’zi ham payg’ambarimizga iymon keltirgan edi.

Islom dushmanlari bilan bo’lgan janglardan birida islom lashkarining qo’mondoni bo’lmish Ja’far ibn Abu Tolib ikki qo’lidan ayrilib ko’p qon yo’qotish natijasida shahid bo’ladi. Yuqorida keltirilgan hadis paygambarimiz taraflaridan hali Ja’farning shahid bo’lganligini hech kim bilmagan paytida aytilgan edi. Bu hadis paygambarimizning oldindan bashorat bergan hadislari bo’lib, ul zotning mo’jizalaridan biri edi. Shundan keyin Ja’farga “Ja’fari-Tayyor” degan laqab berilgan edi. Ya’ni “uchuvchi” degan ma’noni bildiradi. Alloh subhonahu va Taolo Ja’far ibn Abu Tolibni rahmatiga olsin. Batahqiq, u insonlar uchun o’rnakka arzigudek zot edi.